– Sizningcha, hozirgi kunda respublikamizda bolalarga zoʻravonlik koʻpayayotganining sababi nimada?
– Bolalarga nisbatan zoʻravonlik faqatgina Oʻzbekiston uchun emas, balki global miqyosdagi muammodir. Xalqaro bolalar tashkiloti (YUNISEF)maʼlumotlariga koʻra, 2–4 yoshdagi bolalarning deyarli toʻrtdan uch qismi (taxminan 300 million bola) muntazam ravishda ota-onalar va boshqalar tomonidan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlikka uchraydi. Eng achinarlisi, jahonda har 7 daqiqada 1 nafar oʻspirin zoʻravonlik oqibatida hayotdan koʻz yumyapti. Shuning uchun ham bu masala BMTning kun tartibida jahondagi taʼlim ahvoli muammosidan keyin koʻriladigan markaziy masala hisoblanadi.
Bugungi kunda zoʻravonlik holatlari aks etgan videotasvirlar va xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalayotgani respublikada zoʻravonlik holatlari oshib ketyapti, degan tasavvurni keltirib chiqarmoqda. Zoʻravonlik holatlariga befarq boʻlmagan insonlar soni ortib borayotganligi albatta quvonarli. Bu jamiyatimizda bolalarga nisbatan tafakkur oʻzgarayotganligidan dalolat.
Aytish kerakki, bolaga nisbatan zoʻravonlikning har qanday koʻrinishi yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat, unga mutlaqo murosasiz boʻlishimiz zarur.
– Qanday holatlarda katta yoshdagilar bolaga zoʻravonlik qilgan hisoblanadi?
– Zoʻravonlik – bolaning asosiy ehtiyojlari va eng ustun manfaatlariga zid boʻlgan, uning hayoti, sogʻligʻi, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan, shu jumladan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoxud yetkazishi mumkin boʻlgan qasddan sodir etilgan har qanday harakat (harakatsizlik)dir.
Zoʻravonlik jismoniy, jinsiy, ruhiy boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, hozirda zoʻravonlikning boshqa – gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabi turlari ham qonunan eʼtirof etilmoqda.
Bolani urish tarbiya usuli emas. Bunday yondashuvdan chekinish zarur. Ota-onalar tomonidan farzandlariga nisbatan hech bir holatda zoʻravonlik qilinishi yoki biror harakati uchun urish, kaltaklash koʻrinishidagi jismoniy jazo qoʻllashi mumkin emas. Bolaning hayoti, sogʻligʻi hamda shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan himoyalangan.
Zoʻravonlikni tashqarida, begonalardan emas, balki eng yaqinlaridan – unga mehr-muhabbat koʻrsatishi kerak boʻlgan insonlardan koʻrayotgan bolajonning koʻnglida nima kechayotganini bir tasavvur qilib koʻring! Bunday bolaning dunyosi ostin-ustun boʻladi, hayotga, ertangi kunga, insonlarga ishonchi soʻnadi.
Farzand – ota-onaning «shaxsiy mulki» degan fikr bilan yashashni bas qilish kerak. Ota-onalar bolaga egalik qiladigan emas, unga gʻamxoʻrlik va mehr koʻrsatishi, uning jismonan, ruhan va aqlan kamol topishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish majburiyati yuklangan insonlardir.
Davlat bolalarga hech kim, hatto ularning yaqinlari ham zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaydi. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalarida bunday qilmishi uchun qatʼiy choralar belgilangan.
– Agar bolaga zoʻravonlik qilinayotganini bilsak, kimga murojaat qilishimiz kerak? Xususan, Bolalar ombudsmaniga murojaat qilish tartiblari qanday?
– Agar bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etilayotgan boʻlsa, birinchi navbatda, «102» ga qoʻngʻirog qilib, hududiy IIBga xabar berilishi lozim. Agar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻz vaqtida vazifasini bajarmasa, Bolalar ombudsmaniga murojaat qilish kerak.
Bola huquqlari boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning bola huquqlarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoki harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi hamda oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega.
Bolalarning oʻzi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalarida shikoyat berishi mumkin. Vakil bolalarning shikoyatlarini koʻrib chiqishi shart, ularning shikoyatini koʻrib chiqmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi. U bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlganda yoxud himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun oʻz tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini oʻtkazishga haqlidir.
– Begʻubor bolalik onlarining asosiy qismi taʼlim muassasalarida oʻtadi. Biroq bugun bu maskanlar ham xavfsiz emas, nazarimizda.
– Haqiqatan ham, turli taʼlim muassasalarida tarbiyachi, oʻqituvchilar tomonidan voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻtkazilayotgan tazyiq holatlari koʻp uchramoqda. Bu haqda jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli materiallar, videolar orqali ham xabar topmoqda. Jumladan, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bu borada bevosita ota-onalar, bolaning yaqin qarindoshlari yoki bolalarning oʻzlaridan ham koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida mutasaddi tashkilotlar bunday vaziyatlarni oʻrganib, aksariyat hollarda, holat oʻz tasdigʻini topmoqda. Qonun doirasida taʼlim muassasasi xodimiga nisbatan tegishli choralar qoʻllanilmoqda. Hech bir holat eʼtibordan chetda yoki javobsiz qolmayapti.
Albatta, vaziyatga har tomonlama yondashish muhim. Bolalar tomonidan ham oʻqituvchilarga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatish, quloq solmaslik, koʻrsatmaga amal qilmaslik hollari kuzatiladi. Lekin nima boʻlganda ham, bola qanday xulqda boʻlishidan qatʼi nazar, unga nisbatan gʻayriinsoniy, noqonuniy chora koʻrilishiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bu kabi harakatlarga yoʻl qoʻyganlar, ayniqsa, bolaning taʼlim va tarbiyasi uchun masʼul boʻlgan shaxslar qatʼiy ravishda qonun doirasida javobgarlikka tortilishi shart.
– Bolalar ombudsmaniga qaysi masalalarda murojaatlar kelib tushmoqda?
– Bolalar ombudsmaniga har kuni turli xil murojaatlar kelib tushadi. Murojaatlar nafaqat ota-ona, bolaning yaqin qarindoshlaridan, balki voyaga yetmaganlarning oʻzlaridan ham kelib tushmoqda. Xususan, aksariyat hollarda, voyaga yetmagan qizlar oilaviy zoʻravonlik qurboni, ota-ona yoki umuman uchinchi shaxslar tomonidan erta turmush qurishga majburlarnayotganliklari, voyaga yetmagan oʻgʻil bolalar esa ularga maktablarda boshqa sinf oʻquvchilari tomonidan tazyiq (bulling) oʻtkazib kelinayotganligi yuzasidan murojaat qilishmoqda.
Masalan, 2024-yilning birinchi choragida Bolalar ombudsmani kotibiyatiga jami 262 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning har birini atroflicha oʻrganib, mutasaddi idoralarga manzilli chora koʻrish boʻyicha soʻrovlar yuboramiz va holat oʻz yechimini topmagunicha nazoratimizni davom ettiramiz. Murojaatlar ijobiy hal etilganidan soʻng yoki jarayon qaysi bosqichda ekanligi borasida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda eʼlon qilib bormoqdamiz.
Shu bilan birga, hozirda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda har bir taʼlim muassasasida murojaatlar qutisini tashkil qilishni rejalashtiryapmiz. Bu orqali bolalar omma oldida ayta olmaydigan muammolariga oid xabarlarini qutilarda qoldirishadi, biz, mutasaddilar esa ularni oʻrganib chora koʻramiz.
Bolalar ombudsmanining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlari taʼminlanishiga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, Bolalar ombudsmani farzandlarimiz manfaatlariga eʼtiborsiz boʻlmagan jamiyatimizning har bir faol aʼzosi bilan hamkorlikka va muloqotga ochiqdir.
Oʻz muxbirimiz
Madina QAHHOROVA
suhbatlashdi.
