Yuksak mukofot sohiblari

Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan mukofotlangan bir guruh osoyishtalik posbonlari orasida «Jasorat» medali sohibi, Toshkent shahar Chilonzor tumani IIOFMB Tezkor-qidiruv xizmati katta tezkor vakili, podpolkovnik Toʻlqinjon Rahimov ham bor.

Odatdagidek kundalik xizmat vazifalari bilan boʻlib, bundan be­xabar qolgan qahramonimizga Andijon viloyatidan kursdoshi, podpolkovnik Azizbek Minosiddinov birinchilar qatorida qoʻngʻiroq qilib qutlaydi. Shundan keyin birin-ketin telefonlar, tabriklar... Bu quvonchli xabardan, ayniqsa, Toʻlqinjonning ota-onasi va yaqinlarining sevinchiga sevinch qoʻshilib, boshlari osmon qadar yuksaldi.

– Farzandingiz yutuqlarining sururi juda totli boʻlarkan, – deydi podpolkovnikning onasi Muyassar opa. – Medalni qoʻlimga olarkanman, axir bu hammaga ham nasib etavermaydi-ku, deya bolamni bagʻrimga bosdim. Bergan tarbiyamiz va oʻgitlarimiz zoye ketmaganidan ich-ichimdan sevindim.

Podpolkovnik Toʻlqinjon Rahimov IIV Akademiyasini tugatib, ilk xizmat faoliyatini Chilonzor tumani IIB JQBdan boshlagan. Ustozi, podpolkovnik Parda Jiyanovning etagidan tutib, oliy taʼlim muassasasidan olgan bilimlarini yanada mustahkamladi, tajriba orttirdi. Oʻzining xulqi, odobi, intizomga rioya qilishi va topshiriqlarni oʻz vaq­tida bajarishga boʻlgan intilishi bilan rahbariyatning nazariga tushdi. Yillar mobaynida «zuvalasi pishgan» xo­dim koʻplab jinoyatlarni «issiq izida» ochishda oʻz hissasini qoʻshganligi ayni haqiqat.

– Sohada faoliyat yuritayotganimga oʻn ikki yildan oshdi, biroq bu yil men uchun juda omadli keldi, – deydi podpolkovnik Toʻlqinjon Rahimov. – Ushbu yuksak mukofotning masʼuliyatini chuqur his etib, yanada shijoat va gʻayrat bilan xizmat qilishim lozim. Chunki Prezidentimiz va xalqimiz men kabi koʻp sonli osoyish­talik posbonlariga ishonch bildirgan. Koʻksimdagi yuksak mukofotni oqlash va unga munosib boʻlish uchun sidqidildan xizmat qilishga harakat qilaman.

 

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.