Mahallada muhokama qilindi...
Mazkur jinoyat ishi Bekobod tumani «Gulzor» mahalla fuqarolar yigʻinida keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilindi. Jinoyat hech qachon jazosiz qolmasligi, odam savdosi, ayniqsa oʻz bolasini sotishgacha borish maʼnaviyatning pastligidan darak berishi taʼkidlandi. Kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda targʻibot ishlarini olib borish, bunday jinoyatlarga imkon yaratib berayotgan shart-sharoitlarni aniqlab, bartaraf etish yuzasidan profilaktik chora-tadbirlar belgilab olindi.
... Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi Durdona (voqea ishtirokchilarining ismlari oʻzgartirildi)ning baxti ochilmadi. U tengilar allaqachon oilali, bola-chaqali, hayotning shirin tashvishlariga gʻarq boʻlib yashashardi. Durdona baʼzan baxti ochilmaganini taqdirga yoʻysa-da, ammo yuragining bir chetini «Balki, oilam haminqadar boʻlgani uchun koʻpam sovchilar kelmadimikan?» degan oʻy ham tirnab turardi. Axir, bugungi kunda oʻgʻlini uylantirish taraddudida yurgan ayrim onalar boʻlgʻusi kelinning odob-axloqidan koʻra boʻlajak qudalarining kasbu kori, topish-tutishi, uy-joyi bilan qiziqayotgani ham bor gapku.
Durdona halol mehnat orqali koʻp pul topish, oilasining moddiy ahvolini yaxshilash, ota-onasiga yordam berish maqsadida poytaxtga ishlash uchun yoʻl oladi. Avvaliga turtinib-surtinib hali u joyda, hali bu joyda ishlab koʻradi. Shunday kunlarning birida Botir ismli yigit bilan tanishib, u naqd qizning yuragidan uradi. Ikki yosh oʻzaro bir-biriga koʻngil qoʻyadi. Ikkalasi sharʼiy nikohdan oʻtadi. Oradan vaqt oʻtib, mehr-muhabbat mevasi – polvondek oʻgʻil farzand dunyoga keldi.
Botirning binoyidek hunari bor edi – ustachilik qilib, uylarni taʼmirlardi. Rashk sabab boʻldimi yoki boshqa narsami, xullas, er-xotin oralaridan olamushuk oʻtdi. Bora-bora tez-tez tushunmovchiliklar, kelishmovchiliklar yuzaga keladigan boʻldi. Oʻrtadan oqibat koʻtarildi. Shunday kunlarning birida yana Durdonaning koʻzi yoridi – shiringina qizaloq dunyoga keldi. Lekin er-xotin oʻrtasidagi muzlik bu bilan ham erimadi. Oxiri ikkisi ajrashishdi...
Aslida Durdona poytaxtga ishlab pul topish, oilasining moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida kelgan edi, lekin bir oʻgʻil, bir qiz bilan ota uyiga – Bekobodga yoʻl oldi. Uydagilar uni yaxshi kutib olishdi, jajji bolajonlarni sevib erkalashdi.
Biroq bu baxtiyor lahzalar uzoqqa choʻzilmadi: oʻgʻil farzandi ogʻir dardga chalindi. Shifokor-mutaxassislar bolaning umrini saqlab qolish uchun Hindistonga olib borib davolatish kerakligini aytishganida, Durdonaning koʻzlariga dunyo qorongʻi boʻlib ketdi.
Axir, u yerga borish uchun shuncha sarmoya qayoqda?
Durdonaning tunlari oppoq tonglarga ulanardi: bir zum ham mijja qoqmas, nima qilib boʻlsa ham farzandining hayotini saqlab qolish yoʻllarini izlardi. Shunday kunlarning birida kichkina qizini bagʻriga bosib, oʻgʻlini uydagilariga omonat tashlab, yana poytaxtga ishlash uchun yoʻl oldi.
Nima ish qilarini bilmay qoʻlida emizikli bola bilan sarosar yurganda, Yashnobod tumanida yashovchi Barno ismli ayol bilan tanishib qoldi. Ayolning unga rahmi kelib, oʻz uyidan joy berdi. Durdona nihoyat non sexiga ishga joylashdi. Endi u ertalab barvaqt turib, bagʻriga bolasini bosgancha enagaga chopardi. Keyin oyogʻini qoʻliga olib ishga yugurardi. Kuni bilan ishlab horigan Durdona kechasi baʼzan qattiq uxlab qolganidan bolaning yigʻisini ham eshitmasdi.
– Ahvolingni tushunib turibman, oʻgʻlingni davolatish uchun pul kerak. Lekin bu bolangda nima ayb? – dedi bir kuni Barno.
– Nima qil deysiz? Oʻzi uyimga oʻgʻlimni tashlab kelganim yetadi.
– Bilasanmi, meni bir tanishim bor. U bolani sotib oladi. Juda katta pul evaziga. Sen shu pullarga oʻgʻlingni davolatasan.
Durdona picha oʻylanib turib javob qaytardi:
– Mayli, avval oʻzim bir gaplashib koʻray-chi u bilan.
Aslida bu chaqaloq savdosining dastlabki rejasi edi. Durdona ham bu oʻyinning mohiyatini bilib tursa-da, tan olgisi kelmasdi.
Bir-ikki kundan keyin Barnoning uyini taqillatib tanishlari Sora va Tohir kelishdi. Durdona ular bilan koʻrishdi.
– Qizcha qani, uni bir koʻray? – dedi Sora hayajon bilan.
– Enaganing uyida edi, endi olib kelaman, – dedi Durdona biroz qizgʻanib.
– Qiz kimning familiyasida? Men uning familiyasini, hatto ismini ham oʻzgartiraman. Buni bilgach otasi janjal qilmaydimi? – soʻradi Tohir.
– Xavotir olmang, erimning bu bilan sira ishi yoʻq. U bizni tashlab ketgan, – dedi Durdona gʻazabnok.
– Ertaga bolani olib ketgani kelamiz. Endi, narxini kelishsak, – dedi Tohir xijolatomuz.
– Barno opam menga sizlarni 5 ming AQSH dollari beradi degandi, oʻsha gap-gap.
– Yoʻq, 4500 dollar beramiz, – deb gapga aralashdi Sora. – Axir, bolani hali koʻrmagan boʻlsak.
– Aytmoqchi, siz bola bilan koʻrishib turaman degan ekansiz. Bunaqasi ketmaydi, keyin tushunmovchiliklar, gap-soʻzlar boʻladi. Shu bois bu haqda avvaldanoq kelishib olaylik. Bolani koʻrmaysiz, – dedi Tohir.
– Mayli, koʻramiz. Ertaga yana gaplashamiz, – deb Durdona eshikni sharaqlatib yopib, xonadan chiqdi.
Tohir bilan Sora ketgach, Barno Durdonani savolga tutdi:
– Ha, kelishib oldinglarmi?
– Ular menga yoqmadi! 5 ming beradi degandingiz, 4500 beramiz deyapti endi. Buning ustiga bolamni koʻrsatishmasmish, – dedi Durdona qoshlarini chimirib.
– Qizishma! Oʻzingni bos! Undan koʻra, yaxshi gap bilan soʻzingni oʻtkazishni bil! Qani, qoʻl telefonimni uzatib yubor-chi menga.
Barno Tohirning raqamlarini terib, u bilan gaplashadi: «Assalomu alaykum! Ha, menman. Yaxshimisiz? Bezovta qilmadimmi? Eshitdim, eshitdim hammasini. Yoʻq, oʻsha kelishuvimiz boʻyicha 5 ming AQSH dollari beravering. Keyin, bolani koʻrib tursin, yoʻq demang. Xop, xop, tushunarli. Rahmat sizga».
– Ana, koʻrdingmi? Yaxshi muomala qilsang, rozi boʻladi-qoladi. Gaplashishni bilmagansan-da. Mayli, shunday qilib oʻrganasan. Xullas, ertaga bolani va uning hujjatlatlarini olib, «Marjon» kafesiga boramiz. Ish oʻsha yerda hal boʻladi.
Ular ertasi kuni kelishilgan joyda uchrashishdi.
– Durdona, yana bir marta soʻrayapman, ertaga men uning ismini, familiyasini oʻzgartirsam, muammo boʻlmaydimi? – dedi Tohir.
– Yoʻq, hech qanday muammo boʻlmaydi, koʻnglingiz xotirjam boʻlaversin.
Durdona kelishilgan pulni olib, endi ketishga chogʻlangan payti huquqni muhofaza qilish organi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi...
Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudi Durdonani Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllagan holda, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi...
Farzandfurushligi uchun temir panjaralar ortiga mahkum etilgan ayol yillar oʻtib, farzandlari voyaga yetib, bu «savdolar» haqida soʻrab qolsa, ularning savollariga javob berishga Durdonaning kuchi yetarmikin, vijdoni, yuzi chidarmikin? Axir, onalar jar yoqasida ham, oʻlim toʻshagida ham soʻnggi nafasigacha bolam deb yashaydigan zot emasmi?
Buvilarimiz qirgʻinbarot urush yillarida, ocharchilik, qahatchilik davrlarida odamlar bor-budini sotsa ham, hech kim bolasining beshigini sotmaganligini har gal soʻzlab berishardi. Ammo bugun-chi, bugun? Beshik tugul, oʻz bolasini sotayotganlarni koʻrib «Tavba!» deb yoqa ushlaysiz.
Yana bir mulohaza. Qizini emizikli bolasi bilan ishlashga begona shaharga yuborishga ota-onasining qanday koʻzi qiydi. Yangi tugʻilgan chaqaloq haqida uning yashash manzilidagi oilaviy poliklinika shifokorlari xabardor boʻlishi kerak. Nahotki, biriktirilgan shifokor boladan xabar olmagan?
Yuqorida keltirilgan voqea bayoni Durdona singari ayollarimiz, qizlarimizga saboq boʻlsa, shoyad...
Sherzod ESHMATOV,
jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi sudyasi.
Adolat FAYZIYEVA,
«Postda» muxbiri.
