Men Yangiqoʻrgʻon tumanida tugʻilganman. Ota-onam oʻquvchilik yillarimda chuqur bilim olishim uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishdi. Maktabni tamomlagach, Namangan muhandislik institutida tahsil oldim. 2017-yilda ichki ishlar organlarida xizmat faoliyatimni boshladim. 

Mazkur soha kishidan matonat, sabr-toqat, fidoyilikni talab etadi. El-yurt tinchligi, osoyishtaligidan-da azizroq neʼmat yoʻq bu yorugʻ olamda. Sababi, tinch-osoyishta mamlakatda taraqqiyot boʻladi, odamlar xotirjam ishlashadi, oʻqishadi, oʻz oldilariga ulkan maqsadlar qoʻyishadi, yuksak orzular sari dadil qadam tashlashadi.

Tumanimizdagi 68 ta mahallada 241 mingdan ortiqroq aholi istiqomat qiladi. Mahallalarni jinoyatdan xoli hududlarga aylantirish yoʻlida ichki ishlar organlari xodimlari tun-u kun xizmat olib borishmoqda. El uyquga choʻmgan paytda oromidan kechib, oʻz vazifalarini sidqidildan, hushyorlik bilan bajarayotgan hamkasblarimga qarab, qalbim faxr tuygʻusiga toʻladi. Ayniqsa, bayram kunlari xalq sayillari, koʻngilochar tadbirlarga shoshayotgan yurtdoshlarimning yuz-koʻzlarida porlagan quvonchni koʻrsam, yayrab ketaman. Koʻnglimdan «Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin, yurtimizga koʻz tegmasin» degan ezgu tilak kechadi.

Xizmat faoliyatim davomida mahallalarda xizmat qilayotgan hududiy profilaktika inspektorlariga maʼmuriy amaliyot yoʻnalishida, hujjatlar yuritishda yaqindan koʻmak berib kelmoqdaman. Yaqinda safimizga 2 nafar IIV Akademiyasi bitiruvchisi kelib qoʻshildi. Ularni tajribali xodimlarga biriktirdik. Sohada ustoz-shogird anʼanalarini shu tarzda davom ettirayotganimiz oʻz samarasini bermoqda.

Asilbek QAMBAROV,

Yangiqoʻrgʻon tumani IIB JXX 

HPB katta inspektori, 

katta leytenant.