Eʼtiborlisi shundaki, 2023-yil davomida koʻmakchilar ishtirokida 125 ta jinoyat «issiq izida» fosh etildi, 13 nafar qidiruvdagi jinoyatchi aniqlanib, ushlandi. Yosh xodimlarni kasbga sadoqat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish maqsadida oʻtgan yili boshqarma rahbariyati yana bir tashabbusni ilgari surdi. Oʻzi yashaydigan mahallada obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan 560 nafar faxriy yangi ish boshlagan yosh mutaxassislarga sohalari boʻyicha ustoz-murabbiy sifatida biriktirildi.
Bundan tashqari, profilaktik hisobga olingan 502 nafar voyaga yetmaganga oʻzlari yashaydigan mahallada yashovchi ichki ishlar organlari faxriylaridan tarbiyachilar tayinlandi. Hozirda faxriylar profilaktika inspektori va mahalla faollari bilan hamkorlikda tarbiyasi ogʻir har bir bola bilan individual ish olib borib, ularni jinoyat koʻchasidan qaytarishga oʻgit va maslahatlari bilan amaliy yordam berishmoqda. Bu tashabbus ham ijobiy natija berib, voyaga yetmaganlar orasidagi salbiy holatlar kamayishiga erishildi.
Shu oʻrinda yana bir ijobiy tajriba xususida toʻxtalsak. Viloyat hududida 1150 ta mahalla mavjud boʻlib, 2022-yil yakuniga koʻra, ulardan 409 tasi «qizil» hududga kiritilgan edi. Ushbu mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida faxriylardan mahalla raislariga maslahatchi, profilaktika inspektorlariga ustoz-murabbiylar biriktirildi. Bu saʼy-harakat ham amaliyotda oʻzini oqladi va 2023-yil yakuni boʻyicha «qizil» hududdagi mahallalarning 164 tasi «yashil» hududga oʻtdi.
Leytenant Jasurbek Muqimjonov IIV Akademiyasini tamomlab, sohada xizmat boshlaganiga endigina 3 yil boʻldi. Ayni paytda Fargʻona shahridagi Abdulla Qodiriy nomli mahallaga xizmat koʻrsatuvchi huquq-tartibot maskani profilaktika inspektori. Yosh xodim xizmatni toʻgʻri tashkil etish va jinoyatchilikni jilovlashda faxriylar maslahatiga quloq tutib kam boʻlgani yoʻq.
– Shu hududda istiqomat qiluvchi ichki ishlar organlari faxriylari, isteʼfodagi katta leytenant Boyoʻgʻlon Gusainov hamda isteʼfodagi kapitan Abdupatto Mamatovlar huquq-tartibot maskanimizga tez-tez kelib, murabbiy sifatida oʻz tajribalarini oʻrgatib bormoqda, – deydi u. – Bundan tashqari, shahar IIOFMB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi podpolkovnik Tavakkaljon Rahmatullayev hamda Faxriylar kengashi aʼzolari birgalikda jinoyatchilikni jilovlashda biz — yoshlarga koʻmak berishyapti. Faxriylarning yoʻl-yoʻrigʻi va amaliy yordami bilan men xizmat olib borayotgan mahalla 2023-yil yakuniga koʻra, «qizil» toifadan «sariq» hududga oʻtdi. Joriy yilda esa jinoyatchilikni butunlay jilovlab, mahallani «yashil» hududga aylantirish niyatida ish olib boryapmiz.
Shaharning «Zarbdor» mahallasi esa 2023-yil yakuni boʻyicha «sariq»dan «yashil» toifaga oʻtdi, yaʼni jinoyatchilik umuman qayd etilmadi. Buning eng asosiy sababi mahallaga ichki ishlar organlarida 30 yil xizmat qilgan isteʼfodagi podpolkovnik Muqimjon Ahmedovning rais etib saylanganidir.
Profilaktika inspektorimiz – leytenant Ozodbek Turdixoʻjayev oliy oʻquv yurtini tamomlab, sohada xizmatni boshlaganiga endigina bir yil boʻldi, – deydi tajribali rais. – Uning yosh xodim ekanligini hisobga olib, ustoz sifatida bilmaganlarini oʻrgatyapman. Jinoyatchilikning oldini olishda eng maqbul yoʻl bu profilaktika hisoblanadi. Shu bois har kuni inspektor bilan birga koʻchalarni aylanib, «xonadonbay» va «fuqarobay» oʻrganishlar olib boramiz. Ana shu usulda ishlab, mahallamizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirdik.
Shaharning «Beglar» mahallasida yashovchi isteʼfodagi podpolkovnik Ulugʻbek Baratov ham oʻzi yashaydigan mahalla profilaktika inspektori, leytenant Doston Rustamov bilan «ustoz-shogird» anʼanasi asosida namunali ishlarni olib borayotir. Isteʼfodagi podpolkovniklar Azamjon Murotov, Ibrohim Xoliqov, Abduqayum Kenjayev, isteʼfodagi mayor Oʻrmonjon Qodirov, isteʼfodagi katta serjant Shermat Boʻstonov kabi fidoyi faxriylar ham murabbiy sifatida yosh xodimlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashga kamarbasta boʻlishmoqda.
Yana bir eʼtiborli misol: fargʻonalik ichki ishlar organlari faxriylaridan 3 nafari shahar-tuman hokimi oʻrinbosari lavozimida ish olib borayotgan boʻlsa, 119 nafar faxriy mahalla fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga saylangan.
Muxtasar aytganda, faxriylarning yosh xodimlarga murabbiy sifatida biriktirilishi ularning malaka va tajribasini mustahkamlashda, kasb mahoratini oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, ustozlar tajribasi va shogirdlar shijoati uygʻunlashgani jinoyatchilikni jilovlashda juda qoʻl kelyapti.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
