Xorazm viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan viloyat hududida istiqomat qilayotgan turli soha faxriylarining xonadoniga tashrif buyurdi.
Boshqarma boshligʻi hamda unga hamrohlik qilgan hududiy ichki ishlar boʻlimi rahbarlari Yangiariq tumanida istiqomat qilayotgan, isteʼfodagi podpolkovnik Otanazar Jumaniyozov xonadonida boʻlishdi va unga bayram sovgʻalarini topshirishdi. Samimiy suhbat davomida yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik naqadar muhim ekanligi shukronalik bilan tilga olindi. Toʻqson yoshni qarshilayotgan Otanazar ota koʻrsatilayotgan eʼtibor uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda unga hamrohlik qilgan barcha rahbarlarga minnatdorlik bildirdi.
Shu kuni boshqarma boshligʻi isteʼfodagi podpolkovnik Odilbek Matrasulovning ham xonadoniga tashrif buyurdi. Oʻttiz yil jinoyatchilikka qarshi kurashishda fidoyilik bilan xizmat qilgan otaxon ayni keksalik davrida toʻshakka mixlanib qolgan boʻlsa-da, hamon osoyishta kunlarning qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashayotganini izhor etdi. Otaxon bugungi kunda nuroniylar va mehnat faxriylariga yaratilgan sharoitlar, eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan gʻoyat mamnun ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, boshqarma boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev boshchiligidagi hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari el suygan sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq artisti Gulora Rahimova, isteʼfodagi podpolkovnik marhum Hasanboy Husainovlarning ham xonadonida boʻlib, ularni Istiqlol ayyomi bilan samimiy qutlashdi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
