Qoʻshkoʻpir tumandagi “Oʻrta qishloq” mahallasida yashovchi K. Halima qaynonasi T. Roʻzigulni arzimagan kelishmovchiliklar sabab muntazam ravishda haqoratlab, doʻpposlab kelgan. Farzandining oilasi buzilib ketishini oʻylagan qayinona bu sitamlarga chidab, boʻlgan voqealarni oʻgʻliga aytmasdi. Bu mojarodan xabar topgan tuman IIB HPB xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha katta inspektori, mayor Gulnoz Gʻulomova oiladagi muhitni oʻrganish maqsadida oʻsha xonadonga boradi. Buni qarangki, kelin shu paytda xonadon eshiklarini ichkaridan qulflab, qayinonasini urib, tan jarohati yetkazgani maʼlum boʻldi. Ushbu holat yuzasidan K.Halimaga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari koʻrildi va T. Roʻzigulga “Himoya orderi” topshirildi.
Lavhamiz qaxramoni, mayor Gulnoz Gʻulomova mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tuman boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda mahallalarda, muassasalarda, korxona-tashkilotlarda xotin-qizlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan taʼminlash boʻyicha samarali ishlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, mahallalar kesimidagi oʻrganishlar jarayonida xotin-qizlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, imtiyozli bank krediti ajratilishida ham amaliy yordam berayapti. Qaxramonimizning bunday saʼy-harakatlari tufayli shu yilning oʻtgan davri mobaynida 29 nafar xotin-qiz oʻz mutaxassisliklari boʻyicha doimiy ish oʻrniga ega boʻlishdi. Eng muhimi, tuman xududida ayollar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar keskin kamayib, ularning huquqiy himoyasi toʻla taʼminlanmoqda.
Mayor Gulnoz Gʻulomova 1983 yilda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tugʻilgan. 2005 yil IIV akademiyasini tamomlab, oilaviy sharoiti tufayli Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir tumani IIB HOOB VEOʻN va HPG inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2019 yildan buyon Qoʻshkoʻpir tumani IIB HPB xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha katta inspektori vazifasida xizmat qilmoqda. Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashdagi fidoyi xizmati uchun Iivning “Faxriy yorligʻi”, “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Yaqinda mayor Gulnoz Gʻulomova Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar jamoatchilik Kengashi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Yil ayoli” milliy tanlovning viloyat bosqichida gʻolib chiqib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Chuqur bilim va boy hayotiy tajribaga ega boʻlgan lavhamiz qaxramoniga bu koʻrik-tanlovda omad tilaymiz.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.
