Bir kasb egalarining kecha-yu kunduz birga boʻlishi oson emas, deyishadi. Goʻyoki ularning bir sohada ishlashi oilaviy hayotda muammolarni yuzaga keltirarmish. Ammo Jalaquduq tumani IIB xodimlari Dilxumor va Avazbek bunday fikrda emas. Ular bu tushunchani osongina yoʻqqa chiqarib, umumiy ish chinakam oilaviy baxt kafolati ekanini amalda isbotlashdi.
Dilxumor Pazilova mana 14 yildirki, tuman IIB kanselyariyasi boshligʻi lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
Umr yoʻldoshini ham shu yerda uchratdi. Haydovchi, safdor xodim Avazbek Mirzanazarov bilan 2012-yilda turmush qurdi. Bugun ularning oilasida ikki nafar farzand voyaga yetmoqda. Oʻgʻli Azizbek beshinchi sinfda oʻqiydi, yaqinda olti yoshga toʻlgan qizi Maftunaxon esa maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnaydi.
Bu kasbga kirib kelish ikkisi uchun ham tasodifiy boʻlgan. Chunki hikoyamiz qahramonlarining oilasida huquqni muhofaza qiluvchilar boʻlmagan. Lekin har birining hayotida bu tanlov ahamiyatli boʻldi.
Shubhasiz, xodimlarning oilalari juda mustahkam boʻladi. Axir, ishdagi kechikishlar, navbatchilik va xizmatdagi boshqa qiyinchiliklarni eng yaxshi tushunadigan inson xizmatdoshdir. Shuning uchun bir sohada ishlash oilani yanada mustahkamlaydi, barcha ehtimoliy tushunmovchiliklarni bartaraf etishga yordam beradi.
Ushbu oilaning baxt omili oddiy: hamma ishni mehr-muhabbat bilan bajarish.
Osoyishtalik posbonlarining aytishicha, ular taqdirdan, toʻgʻrirogʻi, ikkisini bir-biriga bogʻlab turgan xizmatdan minnatdor. Kim biladi deysiz, balki ularning farzandlari ota-onasining ezgu anʼanalarini davom ettirib, ichki ishlar organlarida xizmat qilish yoʻlini tanlar.
Boris KLEYMAN,
oʻz muxbirimiz.
