IIV Akademiyasining serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursini tugatgan shovotlik Ruslan Normetov viloyat IIB YHXB alohida otryadi 4-safarbarlik guruhi YPX inspektori vazifasida xizmat faoliyatini boshladi. Zimmasidagi vazifaga masʼuliyat bilan yondashgan bu yigit sakkiz yil ushbu lavozimda samarali xizmat qildi. Ayni kunda u viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi guruhi YPX inspektori vazifasida xizmat qilmoqda.

Lavhamiz qaxramoni oʻtgan yil davomida turizm namoyishi obektlari va ularga tutash hududlarda yoʻl harakati qoidalariga rioya etmagan 2023 nafar haydovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Shundan 1880 tasi qoʻpol qoidabuzarliklardir. Shuningdek, u 55 ta xorijiy davlatlar va 2 ta xalqaro tashkilotning 128 ta delegatsiyasini kutib olish va kuzatish tadbirlarida faol ishtirok etdi.

Katta serjant Ruslan Normetov yoʻl-transporti hodisalarining barvaqt oldini olish boʻyicha oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlarida ham faol ishtirok etmoqda.

Zimmasiga yuklatilgan vazifani masʼuliyat bilan bajarib, hamkasblariga oʻrnak boʻlayotgan YPX inspektori, katta serjant Ruslan Normetov «Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishoni hamda viloyat Iibning “Faxriy yorliq”lari bilan taqdirlangan.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.