5 may — “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni va “Oltin yulduz” medali, “Mustaqillik”, “Doʻstlik” ordenlari hamda “Jasorat”, “Shuhrat” medallari taʼsis etilgan kun.

“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofot boʻlib, mamlakatimiz fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat koʻrsatish bilan bogʻliq xizmatlari uchun beriladi. Ayrim hollarda bu unvon yurtimiz fuqarosi boʻlmagan shaxslarga ham berilishi mumkin. “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxsga “Oltin yulduz” medali va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat tantanali vaziyatda topshiriladi.

Ota-bobolarimizning asriy orzu-umidlari — istiqlolimiz xalqimizning ulkan tarixiy yutugʻidir. Shu bois davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri “Mustaqillik” nomi bilan atalishida katta ramziy maʼno bor. Mazkur orden bilan mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlash, mamlakatimizda tinchlik hamda taraqqiyotni taʼminlashga ulkan hissa qoʻshgan hamyurtlarimiz, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlmagan shaxslar taqdirlanadi.

“Doʻstlik” ordeni Oʻzbekistondagi barcha millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik hamda totuvlikni mustahkamlashda katta yutuqlarga erishgan, xalqimizning boshqa mamlakatlar xalqlari bilan doʻstlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan fuqarolarni mukofotlash maqsadida taʼsis etilgan. Qonunda mazkur orden bilan respublikamiz fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkinligi belgilangan.

Mamlakatimiz tinchligi ezgu orzu-niyatlarimiz roʻyobining muhim kafolatidir. Shu maʼnoda, ona-yurtimiz osoyishtaligini, xalqimizning xotirjam hayotini taʼminlash milliy armiyamiz hamda huquq-tartibot idoralari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Bu yoʻlda mardlik va jasorat koʻrsatgan insonlarning xizmatlari ham munosib eʼtirof etilayapti. Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizning milliy xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy yoki xizmat burchini ado etish vaqtida koʻrsatgan mardlik hamda jasorati uchun koʻplab yurtdoshlarimiz “Jasorat” medali bilan taqdirlangani buning yorqin ifodasidir.

“Shuhrat” medali bilan mamlakatimiz iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirishga, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga oʻzining halol mehnati bilan katta hissa qoʻshayotgan hamyurtlarimiz taqdirlanadi.