Har kuni erta tongdan boshlab shifokorlar bemorlarni qabul qiladi, tibbiy koʻriklar oʻtkazadi, zarur muolajalar belgilaydi. Yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida 1026 nafar xodim va ularning oila aʼzolariga gospital hamda sanatoriylarda sogʻligʻini tiklash uchun yoʻllanmalar berildi. Bu, oʻz navbatida, inson salomatligiga eʼtibor, hurmat va gʻamxoʻrlikning amaliy koʻrinishidir.
– Xodimlar sogʻligʻini muhofaza qilish, ularning xizmat qobiliyatini saqlash va yuqori ruhiy holatini taʼminlash, – deydi tibbiyot boʻlimi boshligʻi, mayor Ravshanbek Obidov. – Shu maqsadda har oyda shahar va tuman ichki ishlar boʻlimlarida tibbiy koʻriklar tashkil etamiz. Biz har bir xodimga sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish va stress holatlarini yengish boʻyicha maslahatlar beramiz. Chunki kasallikni davolashdan koʻra uning oldini olish muhimdir.
Murodjon Sotvoldiyev, Raʼnoxon Nurmatova,
Ilhomjon Umarov, Mahfuzaxon Sotvoldiyeva, Irodaxon Nazarova kabi shifokor va hamshiralar hamkasblariga ibrat boʻlmoqda. Ular inson salomatligini tiklashdagi ezgu xizmatlari, yuksak kasbiy mahorati va iliq munosabatlari bilan koʻpchilikning minnatdorligiga sabab boʻlmoqda.
– Tibbiyot xodimlariga har qancha rahmat aytsak ozlik qiladi, – deydi isteʼfodagi katta serjant Iqboliddin Hamroyev. – Sababi, ular salomatligimiz haqida bizdan koʻproq qaygʻurishadi. Oʻz vaqtida tibbiy koʻrikka chaqirib, kerakli maslahatlarni berishadi. Gospital va sanatoriyalarga yoʻllanmalar berishib, salomatligimizga befarq boʻlmaslikka chaqirishadi.
Poliklinikada barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Tibbiyot xodimlari juda xushmuomala, muloqot qilish madaniyati yuqori. Men har yili bir marta sanatoriyga yoʻllanma olib, dam olaman, davolanib kelaman. Bu nafaqat sogʻligʻimni tiklash, balki eʼtibor va gʻamxoʻrlikni his qilish demakdir.
Darhaqiqat, bugun Tibbiyot boʻlimi faoliyati nafaqat sogʻliqni taʼminlash, balki insonlarga boʻlgan mehrni, burchga sadoqatni, Vatanga muhabbatni ham namoyon etadi. Ular har bir xodimning sogʻligʻi orqali jamiyat tinchligi va xavfsizligini qoʻllab-quvvatlayotgan salomatligimiz posbonlaridir.
Saminjon
HUSANZODA,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
