Kutilmaganda kimdir qoʻngʻiroq qilib, sizga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar bersa, nima qilgan boʻlardingiz? Ustiga-ustak, bu ishlarni yopdi-yopdi qilish mumkinligi haqida ham vaʼda berib, kelishmoqchi boʻlsa-chi?
Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro ichki ishlar boʻlimi boshligʻi nomiga xuddi shu holat haqida ariza bilan murojaat etdi. Unda oʻziga nisbatan Namangan tumani ichki ishlar boʻlimi huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻailganligini, oʻzini Shoyad, Murod, Yusuf deb tanishtirgan shaxslar jinoyat ishini uning foydasiga hal etib berishlarini aytib, buning uchun 1500 AQSh dollar talab qilib kelayotganliginini maʼlum qilgan va qonuniy chora koʻrilishini soʻragan. Murojaat yuzasidan Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv guruhi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida arizada nomi keltirilgan shaxslardan biri 800 AQSh dollari, yana biri esa 500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni arizachidan olgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Davlatobod tumani ishchi ishlar huzuridagi tergov boʻlimi tomnidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu oʻrinda fuqarolarni ogohlantiramiz: ishingizni noqoquniy hal qilib berishini vaʼda bergan firibgarlarga aldanib qolmang. Ham pullaringizdan ayrilasiz, ham yana bir jinoyat sodir etilishiga sababchi boʻlib qolasiz.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
