Yakka tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanadigan B.M 2019-yilda tuman hokimi qarori bilan 16 gektar yerga egalik qilish huquqini qoʻlga kiritgan edi. U 10 yil muddatga foydalanish, yaʼni mevali bogʻ yaratish maqsadida olgan yerini sotishga qaror qildi. Bu ishda yaqin tanishi S.V unga sherik boʻldi. 

Tasodifni iarangkiYo mevali bogʻ barpo etib, tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun yer izlab yurgan T.K ularga duch kelib qoldi. Ikki hamtovoq unga 16 gektar yerga yana atrofidagi 16 gektar yerni qoʻshib rasmiylashtirib berishlarini aytishdi. Shuningdek, yer sugʻorish uchun ishlatiladigan nasosni elektr taʼminoti nazoratchisi bilan gaplashib, energiya xarjini kam hisoblaydigan qilib berishni ham vaʼda qilishdi. Buning evaziga esa 25 ming AQSh dollari soʻrashdi. 

Tumandagi choyxonalarning birida B.M va S.V kelishilgan pulning bir qismini – 15 ming AQSh dollarini olayotgan paytida Navoiy viloyati IIB TQX JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan tegishli idoralar vakillari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir chogʻida qoʻlga olindi. Noqonuniy yer sotishga uringanlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.