Joriy yilning 14-yanvar kuni. Kechki soat 23:30. Havo harorati har kungidan-da sovuq. Yogʻayotgan qor koʻz ochib yumishga qoʻymaydi. Ob-havoning ana shunday noqulay paytida Urganch tumanidagi Farxod koʻchasidan oʻtuvchi kanal boʻyida nomaʼlum kimsa mast holatda yurganini koʻrgan fuqaro darhol “102” raqamiga qoʻngʻiroq qildi.
Navbatchilik qismi tezkor maʼlumotidan xabar topgan viloyat IIB JXX JTSB PPX batalʼoni birinchi otryad safdor xodimi, safdor Dilshod Karimov hamda otryad haydovchi-xodimi, safdor Shavkat Otajonov zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borishdi. Bu paytda fuqaro kanal ichida suvdan chiqolmay “Yordam beringlar!” deya tinimsiz qichqirardi. Xizmat avtomashinasidan tushgan safdor Dilshod Karimov shoshilgancha kanalga tushib, suvdan fuqaroni olib chiqa boshladi. Uning hamrohi esa “Tez yordam”ga xabar berdi. Fuqaro bilan oʻtkazilgan qisqa suhbatdan soʻng u shu yaqin atrofda yashashi maʼlum boʻldi. Xodimlar darhol uni yashash xonadoniga olib borishdi. Shifokorlar esa birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatishdi.
– Toʻyda spirtli ichimlik isteʼmol qilib, kayfim oshib qolibdi, – deydi urganchlik T. Alisher qilmishidan afsuslangancha. – Kanalga qanday tushib ketganimni eslolmayman. Muz yorilib, sovuq suvga tushib ketgach, oʻzimga keldim. Shundan soʻng bir necha bor kanaldan chiqishga urindim. Ammo harakatlarim befoyda ketdi. Koʻp oʻtmay oyoq-qoʻllarim uvishib, qimirlolmay qoldim. Atrofda biror kimsa koʻrinmasa-da, yordam soʻrab qichqira boshladim. Oʻz vaqtida koʻrsatgan yordamingiz uchun sizlardan juda minnatdorman.
Shu tariqa PPX batalʼoni xodimlari, safdorlar Dilshod Karimov hamda Shavkat Otajonovning hushyorligi hamda tezkor harakatlari tufayli mast holatda suvga tushib ketgan fuqaroning hayoti saqlab qolindi.
Har bir sohaning oʻz fidoyilari, jonkuyarlari boʻlgani singari PPX batalʼonida ham gʻayrat-shijoatli, kasbiga sadoqatli xodimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Lavhamiz qaxramonlari ham ana shunday fidoyilardan sanaladi. Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
