Toshkent shahrida qurilish tashkilotida ishlab yurgan F.R. sodir etgan firibgarlik jinoyati uchun qidiruvga berilgan edi. Ammo u jazodan qutulib qolishni oʻylab oʻzi tugʻilib oʻsgan Xoʻjayli tumaniga qochib kelib, izini yoʻqotmoqchi boʻldi.
Uyda bekor yotish qiyin ekan. Oradan besh-olti kun oʻtib, uyida zerikkanidan bozorga aylanishga chiqqan F.R. hududda xizmat faoliyatini olib borayotgan ichki ishlar organi xodimining sinchkov nazaridan qochaman deb xatoga yoʻl qoʻyganini tushunganida kech boʻlgandi. Chunki katta serjant Baxram Sagidullaev uning yashirinishga urinayotganini payqab qolgandi. Shu bois undan tekshirib koʻrish uchun hujjatlarini soʻraydi. Natijada uning qidiruvdagi shaxs ekani maʼlum boʻlib, qoʻlga olinadi.
B.Sagidullaev 1978 yili Xoʻjayli tumanida tugʻilgan. Muddatli harbiy xizmatni oʻtab kelganidan soʻng 1999 yili ichki ishlar organlaridagi ilk xizmat faoliyatini Nukus shahar IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida safdor xodim sifatida boshlaydi. 2005 yili vazirlik patrulʼ-post xizmatiga oʻtkazilib, hozirgi kunda ushbu xizmatda katta serjant unvonida xizmat qilmoqda.
Katta serjant Baxram Sagidullaev oʻtgan xizmat faoliyati davomida tinchlik-osoyishtalikni asrash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshib, hamkasblariga namuna boʻlib kelmoqda. Birgina oʻtgan yili u shaxsan 3 ta jinoyatni fosh etishga muvaffaq boʻldi.
Azamat PIRNIYaZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
