Qish fasli kirib kelishi bilan fuqarolarning is gazidan zaharlanish holatlari afsuski birmuncha oshadi. Aksariyat hollarda fojia bilan yakun topadigan bunday noxush hodisalar kishini jiddiy xavotirga soladi.          

Joriy yilning 13-dekabr kuni tungi soat 4:38larda Urganch shahar 4-daha 17/2-uyda yashovchi Sohiba Yomitboeva shahar IIOFMB HPB profilaktika inspektoriga qoʻngʻiroq qilib, oʻzi yashayotgan uyning pastki qavatida ayol kishining yordam soʻrab qichqirgan ovozini eshitganini aytadi. Hudud profilaktika inspektorlari, mayor Mansurbek Madrahimov hamda kapitan Temurbek Saidov zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borishadi va xonadon eshigi qoʻngʻirogʻini bosishadi. Ammo ichkaridan hech kimning ovozi eshitilmaydi. Vaziyatning jiddiyligini his qilgan profilaktika inspektorlari tezda Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasiga xabar berishadi. Zudlik bilan manzilga yetib kelgan qutqaruvchilar bir zumda xonadon eshigini ochishadi. 

Sohaviy xizmat xodimlari ichkariga kirishganida ikki nafar fuqaro is gazidan zaharlanib, behush holatda yotganini koʻrishadi va ularga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatishadi. Amalga oshirilgan tezkor saʼy-harakatlar natijasida fuqarolarning hayoti saqlab qolindi. Surishtiruvlar davomida ushbu fuqarolar Urganch davlat universiteti talabalari ekanligi maʼlum boʻldi.

Fuqarolar hayotini saqlab qolishdagi fidoyiligi uchun Sohiba Yomitboeva hamda profilaktika inspektorlari, mayor Mansurbek Madrahimov va kapitan Temurbek Saidovlar viloyat IIB hamda Urganch davlat universiteti rahbariyati tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

Xudoybergan JABBOROV,

oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.