Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, sohaga taalluqli muammoli masalalarga oydinlik kiritish hamda tizimda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida “IIB boshligʻi bilan bir kun” loyihasi doirasida Gʻijduvon tumani IIB boshligʻi, podpolkovnik Azim Xoliqovning kundalik faoliyati, boshqarma hamda uning quyi tizimlarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish uchun press-tur tashkil etildi. Unda tuman IIBning tegishli sohaviy xizmatlari rahbarlari, OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar hamda “Kelajak liderlari” viloyat klubi aʼzolari qatnashdi.
“Sarmijon” MFY hududida joylashgan 1-sonli IIB binosida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va xodimlarning xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishishdan boshlangan press-tur “Gʻovshun” MFY hududidagi 2-sonli, “Sharq” MFY hududida joylashgan 3-sonli va “Gʻishti” MFY hududidagi 4-sonli IIBda davom etdi.
Press-turda sutkalik naryadga jalb qilingan xodimlar ishtirokida navbatchilikni qabul qilish yuzasidan yoʻriqnoma oʻtkazilib, saf roʻyxati asosida xodimlarning xizmatga kelib ketishlari, hududda jinoyatchilikning ahvoli hamda sutka davomida sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatchilik holatlari yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi. Qolaversa, tuman IIB YHXB, viloyat IIB YHXB huzuridagi 2-sonli roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmasi, tuman IIB M va FRB hamda Navoiy viloyati bilan chegara hududida joylashgan “Sarmijon” YPX maskanida xodimlar va aholi uchun yaratilgan sharoitlar hamda ushbu xizmatlarning ish faoliyati oʻrganildi.
Navbatdagi manzil “qizil” hudud sanalgan “Sharq” mahallasi boʻldi. Bu yerda jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorining hamkorlikdagi faoliyati oʻrganilib, ijobiy yutuqlar bilan tanishildi. Keyin tumanning “Quchchi” choʻl massivida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” loyihasi boʻyicha olib borilayotgan qurilish ishlari koʻzdan kechirildi. Shuningdek, joriy yilning oʻtgan 10 oyi mobaynida jinoyatchilikning ahvoli hamda tuman IIB YHXB tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi va xotin-qizlar masalalari boʻyicha masʼullarning hisobotlari tinglandi.
Tuman IIB binosi, unda xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar, qabulxona hamda tergov va surishtiruv xonalari ish tartibi, u yerdagi innovatsion texnologiyalarning ishlash tartiblari ishtirokchilarga tanishtirildi.
Shuhrat JALOLOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
