Harbiy xizmatdan qaytgan Gulimboy Urganch shahar IIB PPX rotasiga ishga qabul qilindi. Oradan bir hafta oʻtgach, shahardagi Gurlan koʻchasida oʻgʻirlik sodir etilgani haqida xabar olindi. Fuqaro kiyimida oʻsha hududni nazorat qilib yurgan safdor Gulimboy Doʻsimov koʻp qavatli uylar orasida bezovtalanib yurgan otaxonga koʻzi tushdi.

– Assalomu alaykum, ota, – deya hol-ahvol soʻrashdi Gulimboy. – Kimni izlayapsiz?

– Oʻgʻlim nobop chiqib qoldi, zangʻar, – dedi otaxon chuqur xoʻrsinib. – Oʻtgan hafta uni mana shu koʻp qavatli uydan topib olib ketgandim. Lekin hozir qaysi xonadon ekanligini anglolmayapman. 

Gulimboy otaxon bilan suhbatlashgach, uchinchi qavatga koʻtarildi. Toʻgʻridagi xonadondan gʻala-gʻovur eshitildi. Eshikni taqillatdi. Ostonada uzun boʻyli, soch-soqoli oʻsib ketgan barzangi paydo boʻldi. 

– Kim kerak senga?!

– Xursandni pastda otasi kutib turibdi. Tezda chiqsin, deyapti.

– Hozir, – deya ichkaridan bir yigit chiqib keldi va Gulimboyga oʻshqirdi:

– Sen kimsan!

– Shu yerdan oʻtib ketayotgandim. Otaxon yuqoriga chiqolmasligini aytib, mendan sizni chaqirib tushishni iltimos qildi. 

– Hozir tushaman, – dedi yigit va ichkariga kirib ketdi.

Shu payt Gulimboyning koʻzi xona toʻridagi gilamlarga tushdi. U zudlik bilan shahar IIBga qoʻngʻiroq qilib, xonadondagi shubhali kimsalar haqida xabar berdi. Oradan koʻp oʻtmay ular tezkor guruh tomonidan qoʻlga olindi. Bu kimsalar qator oʻgʻriliklarni sodir qilib, ichki ishlar organlaridan qochib yurgan jinoyatchilar ekani maʼlum boʻldi. Hatto ulardan biri Rossiya Federatsiyasi tomonidan qidiruvda boʻlgan xavfli jinoyatchi boʻlib chiqdi. Rahbariyat endigina xizmat faoliyatini boshlagan yosh xodimning hushyorligini yuksak baholab, unga tashakkurnoma bildirdi. 

Gulimboy Doʻsimov Urganch shahar IIB PPX rotasi xodimlari – katta serjantlar Komil Yoʻldoshev, Arslon Sobirov singari tajribali murabbiylardan kasb sirlarini mukammal oʻrgandi. Ayniqsa, jinoyatchilar bilan muomala qilishda, ularni kuzatuvga olishda nimalarga eʼtibor berish kerakligiga alohida eʼtibor qaratdi. 

– Gulimboyga havasim kelardi, – deydi isteʼfodagi katta serjant Botir Sultonov. – Xizmat vazifasini bajarayotgan paytda birorta jinoyatchi uning qoʻlidan qutulib qololmagan. Esimda, shahar markazidagi dehqon bozorida kissavur oʻgʻrilar koʻpayib ketdi. Oʻshanda hamkasbim Gulimboy Doʻsimov bir kunda sakkiz nafar kissavurni qoʻlga olgandi.

Katta serjant Gulimboy Doʻsimov xalq osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbda 22 yil sidqidildan xizmat qildi. Oʻtgan yillar davomida u yuzdan ortiq jinoyatlarni fosh etib, rahbariyatning ishonchiga, hamkasblarining hurmatiga sazovor boʻldi. Uning xalq osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi fidoyi xizmatlari munosib eʼtirof etilib, Mustaqilligimizning 17 yilligi arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan «Jasorat» medali bilan taqdirlandi...

Oʻzini shu yurtning munosib farzandi, deb bilgan har bir inson yon-atrofida boʻlayotgan oʻzgarishlarga befarq boʻla olmaydi. Lavhamiz qahramoni ham viloyat IIB Faxriylar kengashi tomonidan oʻtkazilayotgan barcha tadbirlarda, qolaversa, oʻzi istiqomat qilayotgan mahallada amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda faol ishtirok etmoqda.

Xudoybergan JABBOROV,

«Postda» muxbiri.

Xorazm viloyati.