Ayni paytda Navoiy viloyati IIB huzuridagi Qoʻriqlash xizmati alohida batalyoni 1-otryad safdor xodimi. U xizmatni «Navoiy­azot» aksiyadorlik jamiyatining nazorat postida olib boradi. 

– Jamoamizda ayollar koʻp emas, ammo ularning oʻrni alohida sezilib turadi. Navbahor oʻz vazifasiga juda masʼuliyat bilan yondashadi, tartib-intizomga qatʼiy rioya etadi. Nazorat postida xiz­mat qilish xodimdan doimo eʼtiborli va sergak boʻlishni talab etadi. Navbahor qiyin vaziyatlarda ham oʻzini ogʻir-bosiq tutadi. Ishchilar bilan tushuntirish olib boradi, – deydi hamkasbi, kichik serjant Obid Xudoyqulov. 

Lavhamiz qahramoni­ning asosiy vazifasi korxona hududi­ga kirib-chiqayotgan xodimlar va transport vositalarini belgilangan tartib asosida tekshirish, olib kirish yoki olib chi­qish taqiqlangan qurilma va buyumlarni aniqlash hamda xavfsizlik talablariga rioya etili­shini taʼminlashdan iborat. Shu kunga qadar korxona hududidan ruxsatnomasiz ravishda ehtiyot qismlarni olib chiqishga boʻlgan koʻplab urinishlarni oʻz vaqtida aniqlab, tegishli tartibda rasmiy­lashtirgan. U xizmati davomida sergakligi tufayli biror marta ham korxona mol-mulkining noqonuniy olib chiqilishiga yoʻl qoʻymagan. 

Kichik serjant Navbahor Fayziyeva bilimlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratadi. Hozirda Navoiy Innovatsiyalar universitetida sirtdan tahsil olib kelmoqda. Jamoadoshlari uni tirishqoqligi, intizomli­ligi va xushchaqchaqligi bois hurmat qilishadi. 

Mahliyo Xolova, 

oʻz muxbirimiz. 

 Navoiy viloyati.