Tibbiy koʻriklarning ahamiyati nafaqat inson salomatligini yaxshilashga, balki ularning ishchanlik qobiliyatini oshirishda va jamiyatning faol aʼzosiga aylantirishga xizmat qiladi. Lekin, kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olish, doimiy shifokor qabulida boʻlish sogʻligimizni mustahkamlashda yordam beradi. 

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tibbiyot boshqarmasining markaziy davolash-profilaktika muassasalari tor mutaxassis-shifokorlari tomonidan Samarqand viloyati IIB davolash profilaktika muassasasi tibbiyot boʻlimida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.  

Dastlab, tibbiy koʻrikning mazmun-mohiyati tushuntirilib, xodimlarning salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolash yuzasidan qilinadigan ishlar xususida davra suhbati tashkil etildi.  

Shundan soʻng, IIB Tibbiyot boʻlimi poliklinikasida dispanser nazoratida turgan bemorlar poliklinika sharoitida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. 

Samarqand shahrida yashovchi xizmat chogʻida olgan jarohati va kasalligi tufayli nogiron boʻlib qolgan 8 nafar faxriylar, nafaqaxoʻrlar va ularning oila aʼzolari IIV Tibbiyot boshqarmasi va uning tizimidagi davolash-profilaktika muassasasidagi malakali tor mutaxassis-shifokorlari tomonidan uyiga borib koʻrildi.  

Tibbiy koʻrik davomida jami 822 nafar bemor koʻrilib, 189 nafar bemorga stasionar, 276 nafar bemorga ambulator, 86 nafar bemorga sanator-kurort davo muolajalari tavsiya qilindi. 

Jarrohlik amaliyoti oʻtkazishga muhtoj deb topilgan bemorlarni joriy yil mobaynida Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitali jarrohlik boʻlinmalarida sogʻlomlashtirish vazifalari belgilab olindi. 

Samarqand viloyat IIB DPM Tibbiyot boʻlimi shifokorlarining Markaziy gospital va IIV markaziy poliklinikasida tajriba almashishlari qayd etildi.  

 Umida Mamadaliyeva,

 oʻz muxbirimiz. 

Samarqand viloyati.