– Hozirgina yonma-yon ishlayotgan safdo­shingni zum oʻtmay chalajon holda koʻrish. Uning hayotini saqlab qolish umidida kasalxonaga shoshi­lish. Shu holatda uning onasiga duch kelish... Toʻgʻrisi, bu noxush voqealar yuragimga qanchalar kuchli ogʻriq solgani yolgʻiz Xudoga va oʻzimga ayon, – deya eng yaqin doʻstini yoʻqot­gan oʻsha mudhish kunni xotirlaydi isteʼfodagi mayor Abdulla Alouddinov. – Ayniqsa, Bahodirni tuproqqa qoʻyib qayt­ganimizda, Hoshimjon ota «Oʻgʻlim oʻrnida oʻgʻlimsan, bolam, eshigim sen uchun hamisha ochiq, kelib turgin», deganida ichim­dan nimadir uzilgandek boʻlgan. Umrlari uzoq boʻlsin, bugun Ho­shimjon ota 93 yoshda. Har gal u kishini yoʻqlab borganimda, doʻstim bilan bogʻliq xotiralarimiz tugamaydi. Bahodir oqil farzand, oqibatli doʻst, tugʻma iqtidorli tezkor xodim edi. Qonunbuzarlar, jinoiy guruhlarni aniqlash va qoʻlga olish bilan bogʻliq tadbirlarda doim ijobiy natijalarga erishardi. Agar uzoq yillar xizmat qilganida, qanchalab jinoyatlarni fosh qilib, koʻplab jinoyatchilarni qonun qoʻliga topshirgan boʻlardi. 

Oʻshanda Bahodir Sodiqov endigina yigirma besh yoshni qarshilagan, oila qurganiga atigi oʻn oygina boʻlgan navqiron yigit edi. Uni yoʻqotish yaqinlari, ayniqsa, ota-onasi uchun ogʻir kechdi. 

Hayotning qaysidir koʻchasida aziz insonini yoʻqotganlar koʻpincha bu sinovli koʻchani aylanib oʻtishga harakat qiladi. Biroq Sodiqovlar oilasida buning aksi boʻldi. Bahodirning bevaqt oʻlimidan keyin uning ukasi Ixtiyor va singlisi Shahnoza akasining izidan ketishga qaror qildi. Ixtiyor Sodiqov uzoq yillar Toshkent viloyati IIBB YHXBda faoliyat yuritib, podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqdi. 

– Farzand dogʻini koʻrsatmasin ekan, bu judolik ota-onamga juda ogʻir keldi, – deydi Tosh­kent viloyati IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Shahnoza Sodiqova. – Oilaviy yigʻilsak, onam xuddi akam hozir kirib keladigandek, nigohlarini eshikdan uzmasdilar. Toʻy-ha­shamlarda, yaqinlarning diydori, nevaralarining shoʻxliklaridan yuzlari kulsa-da, hech yurakdan kulmasdilar, buni bizdan doim yashirardilar. Afsus, ana shu ichikish, dard, gʻussa onamni bu yorugʻ olamdan olib ketdi. Biroq hayot yoʻllarimizdagi sinovlar kasbimizning mashaqqatlarga toʻla ekanligi Ixtiyor akamni ham, meni ham ichki ishlar organlaridagi xizmatimizni shijoat bilan davom ettirishdan qaytara olmadi. 

Bahodir Sodiqov xavfli jinoyatchilarni qoʻlga olishdagi jasorati va qahramonligi uchun vafotidan soʻng «Jamoat tartibini saqlashdagi aʼlo xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan. Shuningdek, hozirda Ohangaron tumanidagi mard oʻgʻlon oʻqigan 38-sonli maktabga va u yashagan koʻcha­ga Bahodir Sodiqov nomi berilgan.

Ha, ona Vatan sodiq oʻgʻlonlarining jasoratini unutmaydi. Mardlarning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi. Zotan, qahramonimiz singari shu yurtning tinchligi, osoyishtaligi yoʻlida umrini bagʻishlagan jonfidolar tufayli har kun yurtimizda bitta bahodir tugʻilajak.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, 

oʻz muxbirimiz.