Mahliyo Nazarova yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida ichki ishlar organlarida xizmat qilib keladi. Jonkuyar va shogirdlariga mehribon xodim. U kishining boy tajribasidan bahramand boʻlib, oʻz bilim va koʻnikmalarimni mustahkamlab boryapman. Har bir maslahati, har bir oʻgiti men uchun qimmatli saboq boʻlmoqda. Ustozimdan xizmatga masʼuliyat bilan yondashish, fuqarolar dardini tinglay bilish, vaziyatni chuqur tahlil qilish va har qanday holatda vazminlikni saqlab qolishni oʻrganmoqdaman.
Qisqa faoliyatim davomida, ustozimning oʻgitlaridan shuni angladimki, ichki ishlar organlari – xalqning ishonchi va tayanchi. Odamlar oʻz dardi, muammosi bilan, birinchi navbatda, aynan shu soha vakillariga murojaat qiladi. Demak, bizdan nafaqat qonunni bilish, balki yuksak insoniy fazilatlar ham talab etiladi.
Yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilish – katta sharaf. Men bu yoʻlda faqat olgʻa intilishga, oʻqib-oʻrganishga, ustozimning ishonchini oqlashga astoydil harakat qilaman. Zero, ustoz bor ekan, shogird kamol topadi.
Fursatdan foydalanib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan soha xodimalarini, xususan, ustozim, podpolkovnik Mahliyo Nazarovani Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Mardon RAHIMQULOV,
katta serjant.
Qashqadaryo viloyati.
