Oilaviy mojarolar tufayli onasi bilan tortishib qolgan qiz tonggi soat taxminan 6 lar chamasida 9-qavatga chiqib, oʻzini pastga tashlamoqchi boʻladi. Bu holatga guvoh boʻlgan fuqarolardan biri darhol mahalla hududiga oʻrnatilgan tashvish tugmasini bosadi. Shu zahotiyoq ichki ishlar organi navbatchilik qismiga xabar kelib tushadi.
Voqea joyiga zudlik bilan ikki nafar xodim – «Damariq» mahalla fuqarolar yigʻini profilaktika inspektori, leytenant Sanjar Bekmurodov hamda PPX safdor xodimi Firdavs Jahonov yetib keladi.
Vaziyat oʻta qaltis edi. Qiz hech kimning gapiga quloq osmayotgandi. Bunday vaziyatda pastdan turib unga biron nima tushuntirish befoyda ekanini tushungan profilaktika inspektori 1-podyezddan, PPX xodimi esa 2-podyezddan tomga chiqishadi.
– 9-qavatga koʻtarilsam, qiz turgan joyga tushib boʻladi-yu, ammo chiqish imkonsiz edi. Bunday vaqtda har bir soniya gʻanimat edi. Qiz nihoyatda stress holatida boʻlib, har daqiqada koʻngilsiz holat yuz berishi muqarrar edi. Buni anglaganim sari vujudim muzlab ketardi, tanamni sovuq ter bosardi, – deydi leytenant Sanjar Bekmurodov.
Profilaktika inspektori 9-qavatdagi xonadonlarning biriga kirib, balkondan qiz tomonga oʻtishga urinadi. Lekin qiz qutqarishlarini istamay, yordam qoʻlini rad etadi. Xodim unga psixologik taʼsir oʻtkazishga harakat qilib, yaxshi gapirib, niyatidan qaytarishga urinadi. Shu tariqa qoʻshnining balkonidan 7 metr masofaga salkam 25–30 daqiqada oʻtadi.
Qiz nihoyatda noqulay holatda turardi, ushlash, tirgak boʻlish uchun hech nima yoʻq edi. Xodim yoʻlini topadi, tarnovga oyogʻi va bir qoʻli bilan chirmashib, ikkinchi qoʻli bilan qizni tortib oladi. Qiz tipirchilab, qarshilik koʻrsatardi. Oʻzi shundoq ham noqulay vaziyatda turgan inspektor bir necha bor toyib ketay deydi.
– Qizni 10–15 daqiqa davomida ushlab turdim. Bu orada yetib kelgan FVV qutqaruvchilari arqon tashlab, qizni ehtiyotkorlik bilan eson-omon tomga koʻtarib olishdi. Soʻnggi daqiqalarda ulgurib, vaziyatni toʻgʻri baholab, vazifamizni bajarolganimizdan, eng asosiysi, bir oilaning guldek farzandini qutqarib qolganimizdan koʻnglim yorishib, oʻzimni xotirjam va baxtli his qildim, – deydi qahramonimiz Sanjar Bekmurodov.
Xavf ortda qolgach, shifokorlar qizni tibbiy koʻrikdan oʻtkazdilar. Ayni paytda uning ahvoli qoniqarli holatda.
– Ochigʻi, qizimni shu darajaga boradi deb xayolimga ham keltirmagandim, – deydi onasi hayajon bilan. – Psixolog, xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor profilaktik suhbatlar oʻtkazishdi. Kerakli xulosalar chiqarib oldik. Endi qizimga eʼtiborli boʻlaman. Profilaktika inspektori, leytenant Sanjar Bekmurodovdan oʻz hayotini xatarga qoʻyib jigarbandimning hayotini saqlab qolgani uchun cheksiz minnatdorman. Uning burchiga sadoqati hamda farzandimizni qutqarish chogʻida koʻrsatgan jasoratini bir umr unutmaymiz.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
