Omadsizlikdan qutulib, har bir maqsadning muvaffaqiyatli roʻyobiga erishish mumkinmi? Buning uchun har kim ishni, avvalo, oʻzidan boshlagani maʼqul. Misol uchun, kitob oʻqish, oʻz ustida ishlash, bilmaganni soʻrab oʻrganish maqsadga muvofiq. Omad kaliti doim kissangizda boʻlishini istasangiz, baʼzi qoidalarga amal qilishga toʻgʻri keladi.
1. Inson nafaqat oʻz xatti-harakatlari, balki ularning natijasi uchun ham masʼuliyatni boʻyniga olishni, har bir ishi uchun javob berishni oʻrganishi kerak. Agar hozir omad kulib boqmayotgan boʻlsa, bunda aybni boshqalarga agʻdarish shart emas. Odamlarga «qurbon» yoqmaydi, shuning uchun bu rolni hayot repertuaridan butunlay chiqarib tashlash zarur.
2. Taqdirdan tuhfalar kutib oʻtirish notoʻgʻri, bu ketishda biron narsaga erishish amrimahol. Muvaffaqiyat har kunlik mashaqqatli mehnatdir. Oldingizga maqsad qoʻyib, nima boʻlganda ham uni amalga oshirishga intiling. Har bir ishni puxta reja asosida bajarib, faqat olgʻa ildamlashga odatlaning!
3. Yaxshi lavozimga erishish yoʻlida kamchiliklar uchun qaygʻurish emas, fazilat va qobiliyatlarni ishga solish kerak. Chunki ular faqat bizga ayon va buni hammaga namoyon etish lozim. Har kim oʻzini munosib baholashni oʻrganishi, oʻzi sevgan ish bilan shugʻullanishi zarur. Shunda oʻsish zinasi boʻylab harakat ham yoqimli va quvonchli kechadi.
4. Aksariyat insonlar xatoga yoʻl qoʻyishdan qoʻrqib, ishga qoʻl urmaydi. Xato qilish odamzotga xos, shunchaki uni koʻra bilish, tan olish va oʻz vaqtida toʻgʻirlash muhim. Shuni inobatga olgan holda, har bir harakatdan voz kechmagan maʼqul. Chunki aynan ular muvaffaqiyat sari ilk qadam boʻlishi mumkin. Asosiysi, oʻziga ishonch!
5. Sarf-xarajatlarni qayd etib borish, pullarning qaerga ketayotganini bilish oʻta muhim. Doʻkon yoki bozorga ham aynan nima zarurligini anglagan holda borish lozim. Moliyaviy masalalarda har bir harakatni puxta oʻylab amalga oshirish kerak. Hali qoʻlga kelib tushmagan pul uchun oldindan rejalar tuzmagan maʼqul.
6. Atrofdagilar bilan muomala qilish qoidalariga amal qilish ahamiyatli. Eng muhimi, jamiyatda har bir insonning oʻz oʻrni va qadri boʻlsin. Atrofdagilarga qoʻldan kelguncha yordam qiling, oʻzingiz ham koʻmak yoki maslahat soʻrashdan uyalmang.
Unutmang, omad hammaga kulib boqadi, lekin har kim ham unga kulib javob qaytarmaydi va bu faqat ularning aybidir.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
