Umidjon haqida soʻra­san­giz, safdoshlari ta­labchan, oʻz burchiga sodiq yigit deyishadi. Yaqinda u kasbi, bergan qasamyodiga sodiqligini yana bir bor isbotladi. 

«Toshkent – Jizzax» avtomobil yoʻlining Oqoltin tumanini kesib oʻtgan qismida YPX xodimlari «MAN» rusumli yuk avtomashinasi harakatlanishida notekislikni ilgʻashadi va uni toʻxtatishadi. Tekshirib koʻrilganida haydovchi, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro spirtli ichimlik taʼsirida avtomobil boshqarib kelayotgani aniqlanadi. Holat yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. 

Haydovchi bir necha soatdan keyin viloyat IIB YHXBga kirib keladi. U tirikchiligi avtomashina orqasidan ekanini, oilada yolgʻiz boquvchiligini aytib, leytenantdan bayonnomani yoʻq qilishni yoki boshqa yengilroq qoidabuzarlik bilan almashtirishni soʻraydi. 

Buning evaziga esa 1000 AQSH dollari berishini aytadi. 

Umidjon bu taklifni qatʼiy rad etib, haydovchiga bu xatti-harakati jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishini tushuntiradi. Ammo u qariyb bir necha soat davomida boshqarma binosi oldidan ketmay, qayta-qayta leytenantni yoʻldan urmoqchi boʻladi. 

...Umidjon Oʻsarovning bildirgisi asosida oʻtkazilgan tezkor tadbirda haydovchi leytenantga 700 AQSH dollari va 4 million soʻm miqdorida pora berayotganida ushlandi. Holat boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi. 

Kasbiga sodiqlikni, halollik­ni oʻziga maslak qilgan Umid­jon Oʻsarov oilali. U turmush oʻrtogʻi bilan bir nafar farzandni voyaga yetkazmoqda.

Abdurahmon MUSTAFOQULOV, 

oʻz muxbirimiz. 

Sirdaryo viloyati.