Nargiza Qoʻziboyeva Toshkent viloyatining Chinoz tumanida tavallud topgan. 1996-yilda Toshkent tibbiyot bilim yurtini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2002-yilda IIV Qorovul qoʻshinlarining 7534-harbiy qismida uy-joydan foydalanish xizmati ish yurituvchisi lavozimida boshlagan. Aynan shu harbiy qismda turli masʼuliyatli lavozimlarda 2011-yilgacha samarali faoliyat olib bordi.
Koʻp yillar davomida Toshkent shahar IIBBda xizmat qildi. Tajribasi va salohiyati har tomonlama oshgan N.Qoʻziboyeva 2020-yilda yana Qorovul qoʻshinlari safiga qaytdi. 7531-harbiy qismda faoliyatini davom ettirgan xodima bugungi kunda shtab kansleriyasi texnik-masʼul ijrochisi.
—Yoshligimdan harbiy xizmatga qiziqqanman. Ishtiyoq kuchli boʻlsa, qiz bolaman-ku, bu sohada nima qilaman, degan savollar boʻlmas ekan. Kun davomida yuzlab harbiy xizmatchilar bilan muloqot qilishimizga toʻgʻri keladi. Negaki, biz hujjatlar bilan ishlaymiz. Oʻziga xos qiyinchiliklari boʻlsa-da, kasbimni sevaman. Har kuni xursand boʻlib ishga otlanaman. Farzandlarim davlat granti asosida oʻqishlarga kirdi. Yaqinda uy berishdi. Shaxsiy avtomobillarimiz bor. Menga havas qilib, ikki singlim ham shu sohani tanladi. Har qanday vaziyatda sabrli, xushmuomala boʻlgan inson kam boʻlmas ekan, – deydi Nargiza Qoʻziboyeva.
Albatta, ayol harbiy xizmatchilar yuklatilgan vazifalarni oila aʼzolari va hamkasblarining maʼnan qoʻllab-quvvatlashlari bois uddalay olishmoqda. Ayniqsa, bu borada ularning ruhiy holati va kayfiyatining ijobiy boʻlishi juda muhim.
Davlatimiz tomonidan ayollarning ijtimoiy himoyasi yoʻlida olib borilayotgan islohotlar doirasida ayol harbiy xizmatchilarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ularni va oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash hamda mavjud muammolarining hal qilinishiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning natijasida xodimlar erishayotgan yutuqlar bardavom boʻlayotir.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
