Soʻnggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida firibgarlardan ehtiyot boʻlishga undovchi chaqiriqlarga tez-tez koʻzimiz tushyapti. Shunga qaramay, bunday noxush holatlar yoʻl harakati xavfsizligi sohasiga bogʻliq yoʻnalishlarda ham uchramoqda.
Haydovchilik guvohnomalarini olishda yaratilgan shaffof tizim boʻlajak haydovchilarni yoʻl harakati qoidalarini yaxshi oʻzlashtirishga undayotgan boʻlsa-da, ayrim shaxslar bu hujjatni olishning «oson» yoʻllarini izlab, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etmoqdalar. Achinarlisi, koʻplab yurtdoshlarimiz haydovchilik guvohnomasini maʼlum bir qiymatdagi moddiy boyliklar evaziga olib berishni vaʼda qilgan firibgarlarga ishonib, jinoyat qurbonlariga aylanib qolayotir.
– Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Sirdaryo tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro goʻyoki viloyat IIB YHXBda ishlovchi tanishlari yordamida «B» toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga fuqarodan 700 AQSH dollari va 1,2 million soʻmni olgan vaqtida ushlangan, – deydi IIV JXD YHXX Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi, podpolkovnik Dilnoza Rajabova. – Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi «Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi belgilangan. Mazkur qarorga muvofiq, tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun joylardagi haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi, belgilangan litsenziyaga ega boʻlgan oʻquv tashkilotlarida, tasdiqlangan oʻquv dasturlari asosida tegishli toifalar boʻyicha har xil muddatda taʼlim olishingiz, shuningdek, oʻquv yakuni boʻyicha berilgan guvohnomaga asosan joylardagi Imtihon markazlarida, bunday markazlar tashkil etilmagan joylarda esa hududiy YHXBlarida nazariy va amaliy imtihonlarni topshirib, haydovchilik guvohnomasini olishingiz kerak boʻladi.
Xulosa oʻrnida aytish lozimki, sizga haydovchilik guvohnomasini pul evaziga noqonuniy yoʻllar bilan olib berishni taklif qilayotgan firibgarlardan ehtiyot boʻling, ularga aldanib qolmang. Haqiqiy haydovchilik guvohnomasi yoʻllarda siz va yaqinlaringiz, qolaversa, oʻzgalarning hayoti va sogʻligʻi kafolati ekanligini unutmang.
Sherzod ABDUSAMADOV,
oʻz muxbirimiz.
