Yahudiylar orasida bir hikoyat juda mashhur. Unga koʻra, bir fermerning eshagi quduqqa tushib ketibdi. Jonivor tinmay mungli va hazin tovush chiqarar, chorvador esa nima qilishga boshi qotib turardi. Va nihoyat, u bir qarorga keladi. Fermer eshakni juda qarib qolgan va ferma uchun keraksiz deb topib, quduq allaqachon qurib qolganini inobatga olgan holda uning ichiga toʻproq toʻldirish va shu orqali eshakni ham koʻmishni rejalashtiradi. U qoʻshnilarini yordamga chaqiradi va hammasi birgalikda yeng shimarib, ishga kirishishadi. 

Bir qancha vaqtdan soʻng fermer oʻz jonivori toʻproq ostida qolganiga ishonchi komil boʻlib, pastga qarabdi. Lekin hayratdan koʻzlari olayib ketibdi. Eshak oʻzining ustiga tushayotgan har bir tuproq uyumini silkitib qoqib tashlab, toʻproq ustiga chiqib olardi. Tez orada uning yuqoriga koʻtarilib, quduqdan sakrab chiqqanini koʻrgan odamlar hayratdan dong qotishibdi…

Xuddi shunday, bizning hayotimizda ham turli qiyinchiliklar, atrofdagilarning mana shu tuproq kabi biz tomonga otayotgan fisqu fasod, gʻiybatli gap-soʻzlari tez-tez uchrab turadi. Har safar yiqilganda, ust-boshingizni bir qoqib tashlab, oyoqqa turing. Yuzaga kelgan har bir muammo yanada yuqori koʻtarilish imkoniyati ekanini yodda saqlang. Eng muhimi, toʻxtab qolmang va taslim boʻlmang, ana shundagina hayot yoʻlidagi hatto eng chuqur quduqdan ham chiqishga muvaffaq boʻlasiz. Unutmang, muammo va qiyinchiliklar – hayotning siz tomon «otayotgan» toshlari. Ammo bu toshlarni bosib oʻtib, shiddatli oqimni yengib oʻtish mumkin. Siz muammo deb qabul qilgan ushbu toshlar aslida hayotni barpo etish uchun sarflanadigan qurilish materialidir.

Rus tilidan Gulchehra AZIMOVA tarjimasi.