Aqlli, mulohazali kishining soʻzi har yerda oʻtadi. U yeng shimarib, shijoat bilan ish boshlasa, bas, xayrli ishlarga yoʻl ochiladi. Yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solish, tarbiyalash, huquqbuzarliklarning oldini olish, notinch oilalarda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga koʻpni koʻrgan, tajribali faxriylarning jalb etilayotgani samara bermoqda.
Namangan shahrida yashovchi isteʼfodagi kapitan Sayfiddin Turgʻunov keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga bosh-qosh boʻlyapti. Uning tashabbusi bilan yil boshidan buyon ajrashish yoqasidagi 12 ta oila yarashtirildi. Bunda Sayfiddin akaning uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilgani qoʻl keldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Yaʼni, u muammoni hal etishda oʻz ishiga masʼuliyat bilan qaradi, aniq maqsad bilan harakat qildi.
«Bir nuroniy – oʻn yoshga masʼul» shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlarda faxriy oʻz hayot tajribalari asosida yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, muammolarini hal etishga katta hissa qoʻshmoqda.
– Menga biriktirilgan 10 nafar yosh bilan manzilli ishlar tashkil etganim samarasi oʻlaroq, ularning ikki nafari monomarkazga kasb-hunar oʻrganishga yoʻnaltirildi, ikki nafari ishga joylashdi, – deydi Sayfiddin aka.
Isteʼfofagi kapitan Sayfiddin Turgʻunovning ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati haqida ham ijobiy fikrlarni bildirish mumkin. U sohadagi xizmat faoliyatini 1983-yilda Namangan shahar IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimida boshlagan. 1990–1998-yillarda mazkur boʻlim 2-markaziy pulti boshligʻi, viloyat IIB JXX JTSB konvoylik xizmati komandiri, viloyat IIB JXX JTSB xizmat itlari pitomnigi boshligʻi lavozimlarida samarali xizmat qildi.
Lavhamiz qahramoni jamoat ishlarida faolligi, masʼuliyatliligi uchun Ichki ishlar vazirligining faxriy yorligʻi va «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Hayotiy tajribalariga tayanib koʻpchilikni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirayotgan Sayfiddin aka kabi faxriylarimiz bilan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,
oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.
