#Hayot_maktabi
Nufuzli idorada ishlayotgan Rahbar mashinasida ketayotib, bekatda avtobus kutib turgan Ustozini koʻrib qoldi va chetga oʻtib toʻxtadi. Ustozning oldiga borib, mashinasida manziliga yetkazib qoʻyishga koʻndirdi. Bir oz hol-ahvol soʻrashishdan soʻng Rahbar oʻzini noqulay sezgancha gap boshladi:
– Muallim, men sizdan butun umr minnatdorman. Nafaqat taʼlim va tarbiya berganingiz uchun, balki notoʻgʻri yoʻldan qaytarganingiz uchun ham sizga katta rahmat aytmoqchiman.
– Bolam, men seni qaysi yomon yoʻldan qaytargandim, xotiramga kelmayapti-da?
– Eslang, muallim, eslang. Beshinchi sinfda bizning sinf rahbarimiz edingiz. Bir kuni oʻrtogʻim taqib kelgan soat koʻzimga juda chiroyli koʻrindi. Jismoniy tarbiya darsida oʻrtogʻim soatini yechib, sumkasiga solgan payti men uni oʻgʻirladim. Dars tugagach, boʻldi toʻpolon, boʻldi tomosha. Hech kim soatni koʻrmagan va olmagan. Men ham olmadim deb turib oldim. Jismoniy tarbiya ustozimiz sizni boshlab keldilar.
Siz oʻshanda: «Mening bolalarim oʻgʻri emas, soat qayergadir tushib qolgan, biz uni albatta topamiz. Bu voqeani hech kimga aytmang», deb ustozni chiqarib yubordingiz. Shundan soʻng bizga qarab: «Qani hammangiz bir safga turing va koʻzingizni yuming. Koʻzini ochganni oʻgʻri hisoblayman», dedingiz.
Hamma qatori men ham safdaman. Choʻntagimda soat. Qalt-qalt titrayman. Miyamda bir xayol: «Endi nima boʻladi? Topib olsalar, sharmanda boʻlaman, otam oʻldiradilar!» Shu payt qoʻlingiz choʻntagimga kirdi. Soatni oldingiz. Bir pas oldimda turib, mendan keyingi bolalarni tekshirishda davom etdingiz. Tekshiruv tugagach, hammamizga koʻzimizni ochishni buyurdingiz. «Soat topildi!» deya uni egasiga qaytardingiz.
Shu tariqa yopigʻlik qozon yopigʻligicha qoldi. Lekin bu voqeani har eslaganimda xijolat tortib, sizni eslayman. Meni sinfdoshlar, oʻqituvchilar, ota-onam oldida sharmanda boʻlishimga yoʻl qoʻymaganingizni oʻylab, sizdan minnatdor boʻlaman.
– Ha-a, esladim, bolam, esladim bu voqeani. Oʻgʻrigina bolam sen ekansan-da.
– Tushunmadim, muallim, oʻzingiz choʻntagimdan soatni olgandingiz-ku?
– Toʻgʻri, lekin sizlarning choʻntaklaringizni tekshirishdan oldin men ham koʻzimni yumib olgandim...
