Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qoʻshni Barchinoy Yusupova va uning qarindoshi Lola­xon Akbarova jinoyatni sodir etishda gumon qilindi.

– Dastlabki tergov chogʻida tadbirkor S. Xoʻjayevning xonadoni­da tunu kun ishlaydigan toʻrtta videokuzatuv kamerasi oʻrnatilgani aniqlandi, – deydi viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, katta leytenant Nodirjon Ahmadjonov. – Pul mablagʻlarini oʻgʻirlash ikki hafta mobaynida sodir etilgan. Videokuzatuv kameralariga yuzlari berkitilgan ayollar tushib qolgan.

Maʼlum boʻlishicha, jabrlanuvchining oilasida egizak oʻsmir qizlar boʻlgan. Ular oʻz tanish doʻstlariga qoʻngʻiroq qilish maqsadida qoʻshnisi Barchinoyning uyiga tez-tez chiqib turishgan. Bir kuni Barchinoy hazillashib, oʻgʻil bolalar bilan gaplashayotganini ota-onasiga aytib berishini aytadi. Shunda opa-singillardan biri oʻz uyiga kirib ketib, qoʻlida 

100 dollarlik pul bilan qaytib keladi va uni indamaslik evaziga qoʻshnisiga beradi. 

Shu kabi «operatsiya»ni Barchinoy bir necha bor takrorlaydi. Bu voqealardan uning qarindoshi Lolaxon Akbarova ham xabardor edi. «Oltin koni» topilganini anglab yetgan ayollar qizlardan pulni qayerdan olayotganini surishtirishadi. Egizaklar esa hech bir shubhaga bormay, pulni otasining omonatlari saqlanadigan javondan olishlarini maʼlum qilishadi. Buni eshit­gan ayollar qoʻshni uydan pul oʻgʻirlashni rejalashtirishadi. Xoʻjayevlar oʻz xonadoniga videokuzatuv kameralari oʻrnatganini Barchinoy yaxshi bilardi. Shu bois uyga hijobda kirishni taklif qiladi.

Yotoqxonadagi javonni topish qiyin boʻlmaydi. Barchinoy uning tortmasini ochib, zich oʻramdagi dollar dastalariga koʻzi tushadi. Soʻngra qoʻliga ilingan bir dastani olib, uyni tark etadi.

Bir-ikki kundan keyin «ishga» Lola­xon joʻnatiladi. U ham Barchinoyning harakatlarini takrorlagan holda, ortiga oʻn ming dollar oʻlja bilan qaytadi.

Ikkovlon pullarni sarflay boshlashdi. Qimmatbaho muzlatgich, Lola­xonning bir yashar oʻgʻliga qiymati 3 million soʻmdan ziyod boʻlgan akkumulyatorli bolalar avtomobili sotib olishadi. Xullas, koʻngli tusagan hamma narsani xarid qilishadi.

Ular «oson topilgan» pullar tugashi bilan qoʻshnining jamgʻarmasidan pul oʻgʻirlash harakatlarini yana bir necha bor muvaffaqiyatli amalga oshiri­shadi. Umumiy hisobda ayollar 93 ming dollar oʻgʻirlashadi. Javon tortmasida hali soʻm dastalari qolgan edi. Lekin «ish» ulargacha yetib bormadi. Said Xoʻjayev yaqin ogʻaynisining toʻyiga otlanayotib, javonga koʻz tashlaydi va dollarlar gʻoyib boʻlganini koʻrib, vahimaga tushadi. Soʻng tadbirkor ichki ishlar organiga murojaat qiladi.

Oʻgʻrilar qoʻlga olinib, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Boris KLEYMAN,

oʻz muxbirimiz.

Andijon viloyati.