Zarafshon shahrida yashovchi Marina Ivanovnaning (voqea ishtirokchilarining ismlari oʻzgartirilgan) uch nafar oʻgʻli bor. Ularning hammasi Rossiyada yashaydi. Farzandlari: “Ona, uyni soting-u, yonimizga keling”, - deb qoʻyishmadi. Shuning uchun Marina Ivanovna ham nafaqaga chiqdiyu, Rossiyaga ketishga qaror qildi. Uyini 22 ming AQSh dollariga baholab sotuvga qoʻydi. 

 Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi Aziz Arslonov uyni sotib oldi. Oldi-sotdi jarayonida ikkovi yaqindan tanishib ham olishdi. Pullarning 20 ming AQSh dollarini bank orqali oʻgʻillaariga joʻnatishga ham Azizning oʻzi yordam berdi. Shundan soʻng Marina Ivanovna Rossiyaga ketishi haqida aytganida, “Oʻzim sizni aeroportga kuzatib qoʻyaman”,- dedi. 

Uchish sanasi yetib kelganida, Aziz Arslonov oʻz mashinasida uy egasi bilan yoʻlga chiqdi. Yoʻlda Aziz hiyla ishlatdi - mashinasi buzilib qolganini aytib, ayoldan telefon chirogʻini tutib turishini soʻradi. Marina Ivanovna chiroq tutib turgan paytda, goʻyoki mashina salonidan uskunalar olgan kabi boʻlib, uning sumkasidan 3140 AQSh dollarini olib qoʻydi. Manzilga yetganda, Marina Ivanovna yoʻl haqi toʻlamoqchi boʻlganida, “hojatbar” yigit bu ishni chin koʻngildan, savob uchun qilganini, pul toʻlash shart emasligini aytadi. Undan minnatdor boʻlgan ayol aeroportda tekshiruvdan oʻtayotganda sumkasidagi pullari yoʻqligini bilib qoladi. Shu zahoti bu haqda aeroportda xizmat oʻtayotgan IIB TXTB xodimlariga aytadi. Xodimlarning saʼy-harakatlari natijasida hali uzoqqa ketib ulgurmagan Aziz Arslonov qoʻlga olindi.


Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.