Buxoroda shahar va tuman hokimlarining har oyda bir marotaba profilaktika inspektorlari bilan uchrashu anʼanaga aylandi. Uchrashuvda profilaktika inspektorlarining mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasidagi muammolarini oʻrganish, ularni hal etish hamda tayanch punktlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda amaliy yordam koʻrsatish maqsad qilingan.

Olot tumani hokimi Nargiza Negmatova Ichki ishlar boʻlimi profilaktika inspektorlari bilan yuzma-yuz muloqotda xodimlarning xizmat hamda turmush sharoitlarini yaxshilash, tayanch punktlari va huquq-tartibot maskanlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan takliflarini oʻrgandi. Qolaversa, tuman hokimi kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berib, ijrosini alohida nazoratga oldi.

Mazkur uchrashuvda viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Sh. Aliyev ham ishtirok etib, tuman ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga xizmatni samarali tashkil etish boʻyicha oʻzining talab hamda tavsiyalarini bildirdi.

J. TANGRIEV,

podpolkovnik.

Buxoro viloyati