Viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi, kapitan Navroʻzbek Saʼdullayevning ish yurituvidagi jinoyat ishi boʻyicha ayrim shaxslar «yengil yoʻl» izladi. Gaplar ehtiyotkorlik bilan boshlanib, asta-sekin asosiy taklifga ulandi. Qonunni chetlab oʻtish, hujjatlarni «yoʻqotish», ishni choʻzmasdan tugatish… Taklif esa aniq edi – pora.
Kapitan Sadullayev bir lahza ham ikkillanmadi. U uchun bu qaror ishdagi oddiy epizod emas, balki vijdon oldidagi imtihon edi. Darhol tegishli xizmatlarga xabar berildi. Tezkor tadbir natijasida pora berishga urinish fosh etildi. Qonunga xiyonat qilinmadi.
***
Ashyoviy dalil qoʻshaloq boʻldi
Xiva shahar IIB TQX jinoyat qidiruv guruhining katta tezkor vakili, katta leytenant Shuhrat Aminov kechki xizmatda edi. U «Xavfsiz va sogʻlom yurt» tezkor profilaktik tadbirida fuqaro J.Matniyazovni geroin giyohvandlik moddasini
450 ming soʻmga sotayotganda qoʻlga oldi. Ashyoviy dalillar bilan ushlangan «sotuvchi»ning qoʻllari titrar, koʻzlari umid izlardi.
– «Yordam bering, hozir 2 ming AQSH dollari beraman».
Taklif – jinoyatni yopishga emas, balki uni yanada ogʻirlashtirishga xizmat qildi. Pul qoʻldan qoʻlga oʻtmadi. Yana bir ashyoviy dalilga aylandi.
Qogʻozga oʻralgan geroin va qogʻozga oʻralmagan 2 ming dollar. Ogʻirligi yengil, ammo minglab yoshlarni zaharlashga qodir ogʻuni egasi bilan birga sudga olib ketishdi.
Ushbu hikoyalar gazetada oddiy maqola boʻlar, ammo «qahramonlar»ning bu ishi ular hayotida muhim sahifa boʻlib qolishiga shak-shubha yoʻq.
Nilufar JABBOROVA,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
