Kun qahramoni

 Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi «Koʻk gumbazlar» istirohat bogʻidan oʻtib ketayotgan ikki fuqaroning koʻzi oʻrindiqlardan birida qoldirib ketilgan sumkaga tushadi. Ular shu atrofda xizmat vazifasini oʻtab yurgan tuman IIOFMB 4-IIB profilaktika inspektori, leytenant Azizbek Anvarovga murojaat qilishadi.

Xodim sumkani haligi fuqarolar hamda shu atrofda xizmat vazifasini oʻtab yurgan Milliy gvardiya xodimi ishtirokida ochib koʻradi. Sumka ayol kishiga tegishli boʻlib, ichida uy kalitlari, hujjatlar, 1000 AQSH dollari, 760 000 soʻm hamda tilla taqinchoqlar bor edi. Inspektor sumkani Milliy gvardiya xodimiga topshirib, tezda uni unutib qoldirgan fuqaroni topishga kirishadi.

Shu yaqin atrofdagi odamlardan soʻrab-surishtiradi. Ulardan biri qora kurtka kiygan ayol Toshkent universal doʻkoni tomon ketganini aytadi. Xodim tezda doʻkon orqasidagi avtobuslar bekatiga borib, fuqaroni pasporti orqali qidira boshlaydi. Buni qarangki, haligi ayol avtobusda oʻtirgan ekan. Inspektor uni istirohat bogʻiga boshlab kelib, xolislar ishtirokida narsalarini bus-butun holda topshiradi.

Sumka egasi poytaxtimizga Samarqand viloyatidan kelgan mehmon boʻlib, istirohat bogʻida biroz oʻtirib, nafasini rostlagach, sumkasini shu yerda unutib qoldirgan ekan. U sumkasini topib olgan fuqarolarga hamda hushyor inspektorga minnatdorlik bildirdi. 

Sarvar SOBIROV,

oʻz muxbirimiz.

Toshkent shahri.