Safdor Dilmurod Hasanov ichki ishlar organlarida 2015-yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Birinchi mintaqaviy hudud 24-son tarbiya koloniyasi qoʻriqlash otryadi katta nazoratchisi.
– Bilib-bilmay jinoyat sodir etgan oʻsmirlarning guldek umri bu yerda oʻtayotganidan yuragim ezilib ketadi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Nafaqat shu tizimda ishlayotgan xodim, balki bir oilaning boshi sifatida ham shuni aytardimki, barcha turdagi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligini jilovlashimiz zarur. Fikrimcha, ularning jinoyat koʻchasiga kirib qolishiga ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun kam vaqt ajratib, taqdiriga befarq boʻlayotganligi, qolaversa, taʼlim muassasalari bilan hamkorligi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligi sabab boʻlmoqda.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan har bir jinoyat favqulodda holat deb hisoblanishi kerak. Shuning uchun biz yoshlarga gʻamxoʻrlik qilishimiz, ularning qalbida «Men jinoyatchilikka qarshiman, oʻrtoqlarimning jinoyat koʻchasiga kirib ketishiga yoʻl qoʻymayman», degan maqsadni shakllantirishimiz lozim. Alohida taʼkidlashni istardimki, yosh avlod tarbiyasidek muhim masala uchun nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari, balki barcha, hatto oddiy uy bekasi ham masʼul.
Dilmurod Hasanovdan ustozlari haqida soʻraganimizda, u koʻp yillar tizimda xizmat qilgan isteʼfodagi kichik serjant Alisher Anvarovning nomini oʻzgacha hurmat-ehtirom bilan tilga olib:
– Ustozim: «Birovning boshiga musibat tushganda, odamgarchilik, insoniylik birinchi galda shioring boʻlsin», – deb koʻp tayinlardilar, – dedi.
Mustaqilligimiz tengdoshi boʻlgan safdor Dilmurod Hasanov hozirda 3 nafar farzandning sevimli otasi.
U farzandlari kelajakda el koriga yaraydigan, Vatani manfaati uchun yonib yashaydigan jonkuyar, fidoyi insonlar boʻlib yashashini istaydi. Bu yoʻlda esa, avvalo, oʻzi ularga ibrat boʻlishga intilyapti.
Tilagimiz shuki, ichki ishlar organlari tizimida Dilmurod singari haqiqiy vatanparvar, burchini sadoqat bilan bajara oladigan, halol, vijdonli xodimlar koʻpayaversin.
Adolat FAYZIYEVA,
oʻz muxbirimiz.
