Bugungi kunda har bir soha yangi tizimga oʻtmoqda. Ochiqlik, shaffoflikning taʼminlanishiga harakat qilinmoqda. Shaxs tushunchasi kengroq tushunilib, insonga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda. Bu, oʻz navbatida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltiradi.
Albatta, hozirgi shiddatli taraqqiyot asrida ichki ishlar organlarining faoliyatini innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda tashkil etish mamlakatimizda huquq-tartibotni yanada mustahkamlashda muhim omil sanaladi.
Ichki ishlar organlarining har bir xodimi jamoatchilik oldida chiqish qilish qoidalarini yaxshi oʻrganishi, nutq madaniyati ustida ishlashi, dalillash texnikasini amaliyotda qoʻllay olishni bilishi zarur.
Yana bir muhim jihat shuki, mojaroli vaziyatlarda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan toʻgʻri muloqot qila olish ham tizim imijini oshirishda katta ahamiyatga ega. Qolaversa, ichki ishlar organi xodimi vaziyatni chuqur tahlil etgan holda tezkor qaror qabul qilish hamda strategik rejalashtirish koʻnikmalarini egallagan boʻlishi, onlayn muhitda masʼuliyatli harakat qilishni oʻzida shakllantira olishi eʼtiborga molikdir.
Nazarimda, bularning barchasida, avvalo, bilim va koʻnikma, muomala madaniyatini yaxshi egallash talab etiladi.
Beruniy ALIMOV,
filologiya fanlari doktori, jurnalist, tarjimon.
