Ammogʻon – Shahrisabz tumani markazidan qariyb 60 kilometr masofada joylashgan qishloq. Yaqinda uzoq togʻli qishloqda yashovchi fuqarolar va yoshlarga qulaylik yaratish, ularga shaxsini tasdiqlovchi ID-karta rasmiylashtirib berish maqsadida tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi xodimlari qishloqqa koʻchma mobil qurilma bilan borishdi. 

– Shu kuni tuman IIB M va FRB inspektori, kichik serjant Muhriddin Rahimov hududda joylashgan 69-maktabning 50 nafarga yaqin oʻquvchilariga va 5 nafar nogironligi bor fuqaroga rasmiylashtirilgan ID-kartalarni topshirdi, – deydi boʻlinma boshligʻi, mayor Choriyor Mahmudov. – Shu kuni yana 40 nafar fuqaroning biometrik maʼlumotlari olinib, bazaga kiritildi. Maʼlumotlar tasdiqlansa, ularga ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qishloqqa olib borib, tarqatiladi. 

Tadbirda mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ilm-fan va sport sohasida yuksak choʻqqilarni egallashi, vatanparvarlik ruhida tarbiya olib, yurt taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshishi lozimligi borasida targʻibot ishlari ham olib borildi. 

Oʻz muxbirimiz.

Qashqadaryo viloyati.