Videoselektor tarzida tashkillashtirilgan navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsida Buxoro viloyati IIB sohaviy xizmatlari, shuningdek, shahar va tumanlar ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. Tadbirda Buxoro muhandislik texnologiyalari instituti yoshlar masalalari bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari Sh.Temirov “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolatlari” mavzusidagi maʼruzasi bilan shaxsiy tarkibga zaruriy maʼlumotlarni berib oʻtdi.
Soʻzga chiqqan maʼruzachi mamlakatimizda inson huquq va erkinliklariga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida eʼtibor qaratilayotgani, soʻnggi besh yil mobaynida mamlakat ijtimoiy-siyosiy tuzumida yuz bergan oʻzgarishlar, vujudga kelayotgan munosabatlarni tartibga solishning yangi huquqiy asoslari yaratilib, yangi qonunlar qabul qilinayotganligi va bu huquqiy islohotlar izchillik bilan davom etayotganligi, shuningdek, har bir shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqiy demokratik davlat hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirish Konstitutsiyamizning asosiy maqsadi ekanligi, Bosh qomusimiz mustaqil davlatimizning buyuk kelajagi sari intilishidagi huquqiy poydevor ekanligi toʻgʻrisida toʻxtaldi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz ilgari surgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” ezgu tamoyilining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan joriy yilning 15-noyabr kunidan 28-noyabr kuniga qadar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonunchilik talablarini qoʻpol ravishda buzish bilan bogʻlik aniqlangan holatlar oʻqib eshittirilib, viloyat ichki ishlar organlari oʻrtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar belgilab olindi.
F. USMONOV,
kapitan.
Buxoro viloyati.
