Bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Chunki osoyishtalik posbonlarining xizmat yoʻnalishi boʻyicha kasbiy bilimining yetukligi ularni xizmat davomida yuqori natijalarga erishishining kafolati sanaladi.
IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi maxsus tayyorgarlik oʻquv markazining kinologik tayyorgarlik siklida giyohvandlik vositalari, qurol-yarogʻ va portlovchi moddalarni qidirib topish, iz qidiruv faoliyati, jinoyatchilarni qoʻlga olish va zararsizlantirish, patrulʼ-post va qorovul xizmati yoʻnalishlari boʻyicha tinglovchilarga tahsil berilmoqda. Shu maqsadda bu yerda malaka oshirish, qayta tayyorlash va tayyorlash oʻquv kurslari ham tashkil etilgan.
Ayni paytda taʼlim muassasasida IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi, Jamoat tartibini saqlash departamenti hamda qurol-yarogʻ, portlatish qurilmalari va portlovchi moddalarni qidirib topish, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari kinolog xodimlarining bilim saviyasi oshirib kelinmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, kinologik tayyorgarlik sikli katta instruktor-oʻqituvchisi, mayor Ravshan Fayziev, instruktor-kinolog, kichik serjant Jurʼat Mirusmonovning hissasi katta boʻlyapti. Joriy oʻquv kurslari belgilangan oʻquv dasturi va rejaga muvofiq, modulʼ tizimida amalga oshirilmoqda.
– Markazda tinglovchilarning kasbiy bilim darajasini yanada oshirish uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi sikl boshligʻi, podpolkovnik Abadbay Oʻrazbaev. – Nazariy darslar markazning malakali katta instruktor-oʻqituvchilari va instruktor-kinologlari tomonidan ilgʻor pedagogik metodlar, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda olib borilyotgan boʻlsa, amaliy mashgʻulotlar ochiq va yopiq maydonlarda samarali tashkil qilinmoqda.
Markazda xodimlarning jismoniy tayyorgarligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Yetarli darajada jihozlangan sport maydonchalari shay holatda. Bundan tashqari, badiiy va xizmatga oid adabiyotlarga boy kutubxona hamda elektron kutubxona ham tinglovchilar ixtiyorida.
Oʻquv kurslari yakunida tinglovchilarga maxsus namunadagi sertifikatlar topshiriladi.
Xodimlarning bu yerda oʻrgangan bilim va malakasi kelgusi xizmat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.