Vatanimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzi va obroʼsini yanada yuksalishida yosh avlod taʼlim-tarbiyasi muhim ahamiyatga ega. Yurtimizda taʼlim tizimini tubdan isloh qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biri etib belgilangan. Davlat umummilliy dasturi rejasiga binoan mamlakatimizning barcha oʼquv maskanlarida yangi oʼquv yili boshlandi. Xususan, IIV Navoiy akademik litseyida ham anʼanaga koʼra, yangi oʼquv yilining birinchi sabogʼi “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. Ahamiyatli jihati shundaki, litseyning ilk darsida viloyat IIB mutasaddi rahbarlari hamda sohada uzoq yillar xizmat qilgan faxriy xodimlar ishtirok etishdi.
Bugun yurtimizda oʼsib kelayotgan yosh avlodning yorqin kelajagi, kamoloti uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligi taʼkidlandi.
Oʼtkazilgan ilk darslarda kelajak sari intilayotgan yoshlarga Vatanni sevish haqiqiy baxt ekanligi, mamlakatimiz tinchligini asrab-avaylash, uning taraqqiyotiga hissa qoʼshish har bir farzandning burchiga aylanishi, asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yoʼlida oʼquvchilar kuchli bilimga ega boʼlishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligi alohida aynib oʻtildi.
Shuningdek, litsey oʼquvchilariga respublikamizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotgani hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
Maxliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
