“Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va OIV infeksiyasiga qarshi kurashish oyligi” doirasida respublikamizning barcha hududlarida boʻlgani singari Jizzax viloyatida ham profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tashabbusi bilan Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti, Oʻzbekiston milliy universiteti Jizzax filiali hamda bir qator kasb-hunar va oʻrta umumtaʼlim maktablarida uchrashuvlar uyushtirildi. 

Mazkur tadbirlarda tegishli mutaxassislar tomonidan giyohvand moddalarning zarari, OIV infeksiyasini yuqtirish oqibatlari haqida atroflicha maʼlumot berilayotir. Shuningdek, giyohvandlik ekinlar yetishtirish, narkotik moddalarni tayyorlash, saqlash, oʻtkazish, isteʼmol qilish qilish bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilganida belgilanadigan jazo choralari hamda OIV infeksiyasi tarqalishi omillariga toʻxtalib oʻtilmoqda. Bu jarayonda mavzuga oid videomateriallar namoyish qilinayapti. 

Bundan tashqari, oʻquv muassasalarida yoshlar ishtirokida futbol, mini futbol, voleybol, basketbol, kamondan oʻq uzish singari 10 dan ortiq sport turi boʻyicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Gʻoliblar viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi va boshqa masʼul tashkilotlar tomonidan ragʻbatlantirilayotir. Xuddi shunday, viloyat sanʼatkorlari ishtirokida targʻibot tadbirlari oʻtkazilayapti.

Alijon ABDUSATTOROV,

“Postda” muxbiri.

Jizzax viloyati.