Iqtidor insonga berilgan noyob neʼmatki, uning yuzaga chiqishi uchun ham imkoniyat zarur. Yoshlarimiz baxtiga mamlakatimizda qobiliyatli oʻgʻil-qizlarimizning nafaqat zamonaviy bilim olishi, balki oʻz iqtidorlarini namoyish etishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. IIVning Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ham bilimli va iqtidorli yoshlar talaygina. Xususan, Anvar Izzatov va Shohjahon Farhodov ana shunday aʼlochi va iqtidorli oʻquvchilar safida. Ikkisi ham umumtaʼlim fanlarini aʼlo baholarga oʻzlashtirish barobarida, sportning bir nechta turlari bilan muntazam shugʻullanishadi. Ular maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham faol.
– Taʼlim muassasamizdagi iqtidorli yoshlarga toʻgʻri yoʻnalish berib, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda koʻmaklashish faoliyatimizning asosini tashkil etadi, – deydi ingliz tili oʻqituvchisi Abrorxoʻja Moʻminxoʻjayev. – Bizning zimmamizga millatimizning ertangi kuniga masʼul boʻladigan yoshlarga taʼlim berishdek ulkan va sharafli vazifa yuklatilgan. Bu borada bor kuch va imkoniyatimizni ishga solib, taʼlim beramiz. Yaqinda Anvar Izzatov va Shohjahon Farhodovning Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi «B1» darajali sertifikatni qoʻlga kiritishgani quvonarli holdir.
– Matematika shunday fanki, u qiziqqan odamni oʻziga ohanrabodek tortib oladi, – deydi oʻqituvchi Mohigul Ashurova. – Shohjahon va Anvarning ham matematika faniga qiziqishi baland. Bergan topshiriqlarimni ortigʻi bilan bajaradi. Murakkab misol uchrasa, darhol yordam soʻraydi. Ular singari bilimga chanqoq yoshlarning borligi oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom raqobatni paydo qiladi, albatta. Bu esa muallim sifatida bizni quvontiradi.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
