«Lion Trans Group» masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi O.Gʻ. «Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi» DUK texnik kuzatuv va bajarilgan ishlarni qabul qilish boʻlimi yetakchi mutaxassisi N.N. bilan oldindan oʻzaro til biriktirib, A-373 «M39 avtoyoʻli–Guliston–Boʻka–Angren–Qoʻqon va Andijon orqali–Oʻsh» avtomobil yoʻlining 385 km qismida vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlarini qurish va zamonaviy texnik vositalar bilan jihoz­lash ishlarini amalga oshirish boʻyicha tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan, 2022-yilning iyul oyidan 2023-yilning dekabr oyigacha boʻlgan muddatda joriy taʼmirlash ishlari aslida bajarilmagan boʻlsa-da, yoʻlning ikki chetiga oʻrnatilgan beton toʻsiqlar yuzalarini boʻyoqlash ishlari bajarilgani toʻgʻrisida soxta hujjat rasmiylashtirib, 42 891 900 soʻm budjet mablagʻlarini oʻzlash­tirish va ras­trata yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Fargʻona transport prokuraturasi talabnomasiga koʻra, soha mutaxassislari tomonidan qayta nazorat-oʻlchovdan oʻtkazilgan vaqtda tuzilgan hujjatlarda beton toʻsiqlar yuzalari oq rangli boʻyoq oʻrniga ohak bilan oqlangani aniqlandi. Ayblanuvchi qilmishidan chin dildan pushaymonligini bildirdi. Mazkur holat natijasida yetkazilgan moddiy zarar toʻliq bartaraf etildi.  

Jinoyat ishlari boʻyicha Boʻston tuman sudi sudlanuv­chi O.Gʻ.ning yoshi 60 ga borgani, qilmishlariga chin dildan pushaymon boʻlganini inobatga oldi va Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan tayinlanishi mumkin boʻlgan jazodan ozod qilindi.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz, bu dunyoda halol mehnat bilan topgan nonga qanoat qilgan, toʻgʻrilikni odatga aylantirgan odam hech qachon kam boʻlmaydi. Aksincha, qingʻirlikka qoʻl 

urish salbiy huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaribgina qolmasdan, balki kishining obroʻsini toʻkadi, el orasida uyatga qoldiradi. Sudlanuv­chi ham qingʻir yoʻl bilan boylik topaman deb, adashdi. Jamoa, mahalla-koʻy oldida boshi egilib, yuzi shuvut boʻlgani qoldi, xolos.

Beknazar MIRZAYEV, 

Fargʻona transport prokurorining katta yordamchisi. 

Olimjon NOSIROV,

Namangan viloyati Transportda xavfsizlikni 

taʼminlash boshqarmasi HPB boshligʻi, mayor.