Katta serjant Bekzod Bozorov oʻz kasbiga sodiq xodimlardan.

Yozning issiq kunlarida koʻpchilik ruxsat etilmagan havzalarga oilaviy va farzandlari bilan borishib, hayotlari uchun xavfli holatlarni sodir etishadi. 

Yaqinda lavhamiz qahramoni Buxoro shahrida yashovchi bir qizning kanal boʻyida parishon holda oʻtirganligini koʻrib, u bilan olib borilgan suhbat davomida hayotiy qiyinchilik va oilaviy muam­molar sababli suv boʻyiga kelganligini aniqlaydi. Aytish mumkinki, xodim­ning sergak­ligi sabab sodir boʻlishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz hodisaning oldi olindi, bir insonning hayoti saqlab qolindi.

Shuningdek, u shaharning «Sheyxon» mahallasi hududida xizmat olib borayotgan paytda bedarak yoʻqolgan qariya toʻgʻrisidagi xabarga koʻra, Xorazm yoʻnalishida qatnaydigan avtoturargoh hududida daraxt soyasida choʻzilib yotgan holida topadi va tegishli idoraga topshiradi.

Joriy yil davomida ham katta serjant B. Bozorov ikkita jinoyatni «issiq izida» ochib, uch nafar bedarak yoʻqolgan shaxsni huquq-tartibot organlariga topshirdi. 

Bekzod nafaqat oʻz kasbi orqali, balki namunali oilasi bilan ham koʻpchilikka oʻrnak. Turmush oʻrtogʻi Sitora Yodgorova bilan birgalikda ikki farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishmoqda.

Mirzoqul AHADOV,

oʻz muxbirimiz.

Buxoro viloyati.