Mamlakatimiz qonunchiligida hokimiyat vakilining oʻz xizmat vazifasini bajarishiga toʻsqinlik qilish, unga jismoniy va boshqacha shaklda tajovuz qilishga tegishli tartibda jazo bedgilangan. Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika inspektoriga jismoniy kuch ishlatgan aka-ukaga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tumanning Amir Temur mahallasida xizmat vazifasini oʻtayotgan Boyovut tumani IIB 1-son IIB HPG profilaktika inspektori Jumanazar Ummatqulov tungi soat birlarda shovqin ovozini eshitib, voqea joyiga yetib boradi. Shu mahallada yashovchi, spirtli ichimlik taʼsirida oʻzaro janjallashayotgan Jonibek va Odil Qobilovlarni ajratish maqsadida ularni tartibga chaqiradi. Ichkilik taʼsirida “sher” boʻlib ketgan yigitlar oʻzaro nifoqni unutib, profilaktika inspektoriga tashlanishadi. Natijada, xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika inspektori tan jarohati oladi.
Holat yuzasidan Boyovut tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV,
“Postda” muxbiri.
Sirdaryo viloyati
