Bugun axborot texnologiyalari davri boʻlganligi sababli ijtimoiy tarmoqlar orqali doʻstona muloqot qila olish imkoniyati bor. Lekin hamma ham doʻst boʻla oladimi?
Yaqinda bir tanishimga notanish kimsa ijtimoiy tarmoq orqali oʻzini Adelina Muhammad deb tanishtiribdi. Soʻzlariga qaraganda, u 61 yoshda boʻlib, Londonda yasharkan.
Yangi doʻst 2016-yil 16-avgust kuni erini yoʻqotibdi, oʻzi ham uzoq vaqtdan beri saraton kasalligi bilan kurashib kelayotgan ekan. Shifokorlar unga yana bir necha oy umri qolganini aytishibdi.
«Sogʻligʻim yomonligi tufayli farzand koʻrmadim. Asli Indoneziyadanman. Ona yurtimga beva-bechoralar, kambagʻallar uchun ikki million dollar yubordim. Qolgan ikki million dollarni sizga yuboraman. Marhum erimning koʻrsatmasi boʻyicha yurtingizdagi kambagʻallarga, yetimlarga va bevalarga tarqating. Ularga dini, irqi, millatini kamsitmagan holda munosabatda boʻling», – debdi.
«Tekin luqma faqat qopqonda boʻladi», – dedim. Ijtimoiy tarmoqda firibgarlar sodda odamlarning shaxsiy maʼlumotlarini bilib olgach, unga tegishli boʻlgan plastik karta yoki bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini yechib olishayotganini aytib, tanishimni ogohlikka chaqirdim.
U mening maslahatimga amal qiladimi yo yoʻq, bilmayman...
Goʻzal JAFAROVA,
oʻz muxbirimiz.
