Ilm izlash – hayotiy zarurat. Yurtimizda taʼlim olish, malaka oshirish uchun barcha sharoitlar yetarli. Oʻqib-oʻrganib, yuqori marralarni egallashning ayni zamonasi.
Xizmat joyimizda «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi, «Zakovat» intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi. Ushbu tanlovlarda ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritdim. Boshligʻimiz, polkovnik Urazbay Qurbanbayev va uning oʻrinbosari podpolkovnik Q.Bekmuratov menga IIV Akademiyasining sirtqi taʼlimi yoʻnalishida oʻqishga topshirish uchun maslahatlar berishdi.
«Hechdan koʻra kech», degan naql bor xalqimiz orasida. Shundan soʻng 2022–2023-oʻquv yilida Sirtqi taʼlimga qabul qilindim. Akademiyada taʼlim zamon talablari darajasida tashkil etilgan. Oʻquv jarayonlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida oʻtkazilayotgani tinglovchilarning mutaxassislikka oid bilim hamda amaliy koʻnikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu nufuzli bilim dargohida taʼlim olayotganimdan faxrlanaman. Shu kunga qadar erishgan yutuqlarimda, ota-onam va ustozlarimning hissasi katta. Ofitser boʻlish istagida yurardim. Hademay orzuyim ushaladi. Doʻstlarimga juda havas qilardim. Shunday ekan, oliy maʼlumotli boʻlish istagida yurgan hamkasblarimga ham zamonaviy bilimlarni puxta egallashni, vaqt qadrini anglashni, mehnatdan qochmaslikni tavsiya qilaman.
Ulugʻbek QURBONOV,
IIV huzuridagi JIED 6-mintaqaviy hudud 2-son TH xodimi, safdor.
