Ichki ishlar organi xodimi jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish uchun xizmat olib borarkan, avvalo, bu borada oʻzi boshqalarga oʻrnak boʻlishi lozim. Shuningdek, u xizmat intizomiga rioya etishi, qonuniylikni taʼminlashda masʼuliyatni his qilishi shart.
IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari qoʻmondonligi shtab boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Rustam Aliqulov hamda qoʻmondonlikning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlarni tashkillashtirish boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Sherzod Baratov Termiz XAXT alohida batalʼonida boʻlib, shaxsiy tarkib tomonidan harbiy intizom talablarining qay darajada bajarilayotganligini koʻzdan kechirishdi.
Jarayonda harbiy xizmatchilarning shaxsiy avtomobillari va uyali telefonlari ham koʻzdan kechirildi. Ularga bugun internet tarmogʻi orqali qimor va tavakkalchilikka asoslangan turli oʻyinlarga berilmaslik, bunday oʻyinlar turli noxush vaziyatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirildi.
Shundan soʻng harbiy qismda oʻtkazilgan davra suhbatida harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom axloqiy va ruhiy muhitni qaror toptirish lozimligi, barcha boʻgʻindagi rahbarlar oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyatni oshirishi kerakligi boʻyicha topshiriqlar berildi.
Gʻofur TOʻRAEV,
Termiz XAXT boʻyicha alohida batalʼonining
tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlinmasi boshligʻi, mayor.
