Yuridik fanlar doktori, professor, isteʼfodagi polkovnik Hojimurod Toʻxtamurodovich Odilqoriyev ilmiy doiralarda davlat va huquq nazariyasi, shuningdek, konstitusiyaviy va xalqaro huquq sohalarining yirik mutaxassisi sifatida tanilgan. Bugun yetmishinchi dovon qarshisida turgan atoqli olimning umr yoʻllari esa oʻziga xos bir maktabdir. 

H. Odilqoriyev qirq besh yillik mehnat faoliyati davomida oʻzini tajribali va yuqori malakali pedagog, mamlakatimizda va xorijda mashhur boʻlgan isteʼdodli olim sifatida namoyon etdi. IIV Akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib borgan davrida, uning faol koʻmagi bilan Akademiyada Doktorlik dissertasiyalarini himoya qilish boʻ­yicha ixtisoslashtirilgan kengash ochildi. 2002–2006-yillarda Kengash raisi oʻrinbosari sifatida 45 nafar izlanuvchining (8 nafari yuridik fanlar doktori va 37 nafari yuridik fanlar nomzodi) muvaffaqiyatli himoyasiga katta hissa qoʻshdi.

Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi boshligʻi lavozimida ishlagan yillarda esa ichki ishlar organlari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratib, kafedraning kasbiy va ilmiy salohiyati sifat jihatdan sezilarli darajada oʻsdi. 

Yetuk huquqshunos olim sifatida u nazariy huquq fanining rivojlanishiga katta hissa qoʻshib, huquq nazariyasi sohasida oʻzining teran bilimlarini namoyon etdi va ilmiy hamjamiyat eʼtirofiga sazovor boʻldi. Xususan, uning ilmiy nashrlarda ifodalangan asosiy gʻoya va xulosalari darslik va monografiyalarda, shuningdek, mustaqil Oʻzbekistonning koʻpgina qonun hujjatlarida oʻz aksini topdi. 1995-yilda doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan H. Odilqoriev huquq ijodkorligi faoliyati nazariya­si boʻyicha ilmiy maktabga asos soldi. 

H. Odilqoriyev bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan olti yuzdan ziyod ilmiy nashrlar hamda oʻnlab darsliklar muallifidir. Uning Oʻzbekiston Respub­likasi Konstitusiyasi (1992) loyihasini tayyorlash boʻyicha ishchi guruh tarkibidagi faol ishtirokini ham alohida taʼkidlash kerak. Keyinchalik «Yuridik atamalar lugʻati», «Yuridik ensiklopediya», «Mus­taqillik: ijtimoiy-siyosiy lugʻat», «Konstitusiyaviy huquq: ensiklopedik lugʻat» kabi ilmiy-ommabop asarlarga hammualliflik qildi.

H.Odilqoriyev nafaqat amaliyotchi mutaxassislar, balki huquqshunoslik sohasida olimlar tayyorlashga ham katta 

eʼtibor qaratmoqda. Hozirda ham aspirant va izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilib, yigirmadan ziyod yuridik fanlar doktori va nomzodlarini tayyorlashda davom etmoqda. 

Unda isteʼdodli kishilarni saralab, ularni ilmiy faoliyatga jalb qilish qobiliyati bor. Shu bois Hojimurod aka rahbarligida muvaffaqiyatli yosh olim va oʻqituvchilarning yangi avlodi yetishib chiqdi. Aql-zakovat va chuqur yuridik bilimga ega boʻlgan ustoz talaba va magistrantlarni oʻqitish va tarbiyalash, yosh pedagog va ilmiy kadrlar tayyorlash, ularga oʻzining boy, koʻp yillik kasbiy tajribasini oʻrgatish uchun koʻp vaqt va kuch sarflaydi. Shu bilan birga, u nafaqat ilmiy rahbar, balki nazariy bilimlar olamining tajribali yoʻlboshchisi, yosh olimlarning salohiyatini shakllantiruvchi, ularni ilmiy izlanishlar, kasbiy rivojlanish yoʻliga boshlovchi ustoz hamdir.

Professor H. Odilqoriyev shunchaki ustoz emas, balki oʻz tajribasi va bilimlari bilan oʻrtoqlashib, yosh tadqiqotchilarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam beradigan dono yoʻlboshchidir. Olim ularda ilmiy izlanish, huquqshunoslik muammolarini ijodiy idrok etish koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Ilmiy madaniyat va etikaning yuqori darajasini namoyon etgan holda, ilmiy izlanishni talab qiladigan muammoni aniqlab, oʻz shogirdlarini uning yechimiga qiziqtirishga harakat qiladi. U hamisha tahsil oluvchilarda tadqiqot koʻnikmalarini va tanqidiy fikrlashni rivoj­lantirishga yordam beradi.

Uning bugungi ilmiy faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi IIV Kriminologiya tadqiqot institutida yuridik amaliyotning eng oʻtkir muammolarini oʻrganishga qaratilgan. U tadqiqotchi sifatidagi boy tajribasi bilan doimo oʻrtoqlashadi, yosh olimlarda kasbiy tahliliy mahorat va malakalarni, tanqidiy tahlil qilish hamda asosli tavsiyalar va puxta oʻylangan qarorlar ishlab chiqish qobiliyatini 

shakllantirishga yordam beradi.

Hojimurod Toʻxtamurodovichni tabarruk yoshi bilan hamkasblari va shogirdlari nomidan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, uzoq umr, ijodiy zafarlar, pedagogik va ilmiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Ilyos TULTEYEV,

yuridik fanlar doktori, professor, isteʼfodagi polkovnik.